1

Poytaxtdagi 236-maktab o`quvchilari va tarix fani o`qituvchisi o`rtasida kelishmovchilik kelib chiqdi

Jamiyat 07.11.2018, 12:37
Poytaxtdagi 236-maktab o`quvchilari va tarix fani o`qituvchisi o`rtasida kelishmovchilik kelib chiqdi

Shu yilning 27 oktyabrida poytaxtimizning Uchtepa tumanidagi 236-maktabda noxush voqea ro`y berdi. Maktabning 11-“A” sinfida tahsil olayotgan bir guruh o`quvchilar hamda tarix fani o`qituvchisi o`rtasida yuzaga kelgan kelishmovchilik tartibsizlikka aylanib, o`qituvchining engil tan jarohati olishiga sabab bo`ldi.

"Xalq so`zi" nashri ota-onalar hamrohligida mazkur ta`lim muassasasiga borib, yuz bergan voqea bilan yaqindan tanishdi. Mahalla fuqarolar yig`inlari faollari ham ushbu voqeaga befarq qarab turmadi.

Ayni paytda ushbu maktabda Uchtepa tumanida joylashgan 4 ta mahalla farzandlari tahsil olmoqda. Jumladan, Istirohat, Shaftolizor, O`tkir va Jarbuloq mahallalarining faollari shu munosabat bilan maktabda tashkil etilgan muhokamada o`quvchilar, ularning ota-onalari bilan yuzma-yuz suhbatlashishdi. Aniqlanishicha, ta`lim muassasasida shu kunga qadar bunday holat kuzatilmagan. O`quvchilar tomonidan yo`l qo`yilgan bu kabi odobsizlik sababi, oiladagi tarbiyaviy muhit atroflicha muhokama qilindi.

— Bola tarbiyasiga, yaxshi ta`lim olishiga birgina maktab javobgar emas, — deydi Uchtepa tumani “Istirohat” MFY raisi Ne`mat Rafiqov. — Buning uchun, eng avvalo, bolaning ota-onasi, mahalla ahli ham birdek mas`ul. Shuning uchun bugun biz barcha faollarni yig`ib, ota-onalarni ham shu erga chaqirdik. Maqsadimiz ro`y bergan voqeada kimnidir ayblash yoki jazolash emas. Aksincha, biz nima uchun bu kabi voqealar ro`y beryapti, bolalarimiz bunday ishga qo`l urayotganining sababi nimadaligini aniqlab olib, shunga yarasha chora ko`rishimiz kerak. Toki, ustozga nisbatan bunday hurmatsizlik qayta takrorlanmasin. Bolalarni ham ortiqcha siquvga olib, jazolash fikridan yiroqmiz. Ular bilan birga ko`proq ota-onalari bilan ishlayapmiz. ¤zi farzandining orqasidan yaxshi gap emas, mana bunday achchiq gaplarni eshitish qanchalik og`ir. Voqea ro`y berdimi, shunga yarasha ish olib borish kerak. Demak, mahalla faollari shu o`quvchilarning xonadoniga yanada chuqurroq kirib borishi, ular va ota-onalar bilan suhbatda bo`lishi talab etiladi.

Mahalla faollari ota-onalarning bu boradagi alohida mas`uliyati xususida to`xtalib o`tishdi. Maktabda o`tkazilgan bir necha yig`ilishlarga qatnashmasdan befarqlik bilan qarayotgan ota-onalar tanqid qilindi. Bolalarning ayni katta hayotga qadam qo`yadigan, oq-qorani taniydigan yoshida bu kabi holatlar yuz berayotgani mahalla faollarini ham tashvishga solishi, tabiiy. Bundan keyin mahalla — maktab — ota-onalar hamkorligini yanada kuchaytirish, mahalla huzuridagi “Ota-onalar universiteti” faoliyatini jonlantirish xususida kelishib olindi.

Xuddi shunday yig`ilish mahallalar miqyosida ham tashkil etilib, qoidabuzar o`quvchilarga mahalla faollari, ota-onalar, maktab jamoasi va nuroniylar tomonidan ustoz maqomi, uni hurmat-izzat qilish yuzasidan tushuntirishlar berildi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1