Xorijlik malakali mutaxassislarni O`zbekistonda ishlashiga qulay shart-sharoitlar yaratishga oid Prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.
Qaror bilan Tashqi mehnat migrasiyasi agentligiga bir qator qo`shimcha vazifalar yuklandi. Xususan, agentlik malakali chet ellik mutaxassislarga ularning O`zbekiston hududida mehnat qilishiga ko`maklashadi va malakali chet ellik mutaxassislarning elektron ma`lumotlar bazasini yuritadi.
Ilgari chet ellik fuqarolar O`zbekistonda ishlashi uchun 2 ta hujjat talab qilinar edi:
- ish beruvchi tomonidan olingan ruxsatnoma
- mehnat faoliyati huquqi tasdiqnomasi.
2018 yil 1 dekabrdan malakali chet ellik mutaxassislarga nisbatan mehnat qilish huquqini beruvchi tasdiqnomalarni olish (berish) bo`yicha tartib-taomilni saqlagan holda xorijiy ishchi kuchini jalb qilishga ruxsatnomalarni olish (uzaytirish) zaruriyati haqidagi talab bekor qilinadi.
Tasdiqnomalarni rasmiylashtirish va berish (uzaytirish) uchun yuqori malakali mutaxassisdan eng kam oylik ish haqining 1 baravari miqdorida, malakali chet ellik mutaxassislardan – eng kam oylik ish haqining 2 baravari miqdoridato`lov undiriladi.
Tasdiqnomalar muddati 3 yilni tashkil qiladi, uni uzaytirish mumkin.
Qaror bilan yuqori malakali mutaxassis va malakali mutaxassis tushunchasiga ta`rif berildi.
Xususan, tegishli reytingda birinchi 1 000 o`rinlardan birida turuvchi oliy ta`lim muassasasini bitirgan, 5 yildan kam bo`lmagan ish stajiga ega bo`lgan, O`zbekistonda ishlashi uchun yiliga 60 ming AQSh dollaridan kam bo`lmagan summada ish haqi olishi nazarda tutuvchi shaxslar yuqori malakali mutaxassislar deb e`tirof etiladi.
Malakali mutaxassislar deb e`tirof etilishi uchun oliy ma`lumot, 5 yillik ish staji hamda O`zbekistonda ishlashi uchun yiliga 30 ming AQSh dollaridan kam bo`lmagan summada ish haqi olish lozim bo`ladi.
Yuqori malakali va malakali mutaxassislar tasdiqnoma olmasdan o`rindoshlik asosida ishlash huquqiga ega. Ularga mehnat vizasi mehnat yoki fuqarolik-huquqiy shartnomasi amal qiladigan, biroq 3 yildan ko`p bo`lmagan muddatga beriladi;
2018 yil 1 dekabrdan eng kam oylik ish haqining 8 500 baravaridan kam bo`lmagan miqdorda xo`jalik jamiyatlarining aksiyalari va ulushlarini sotib olish, shuningdek, xorijiy korxona tashkil etish shaklida investisiya kiritgan chet el fuqarolari hech qanday ruxsat beruvchi tartib-taomillarni o`tmagan holda mazkur tashkilotning istalgan lavozimida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqiga ega bo`ladi.
2019 yil 1 yanvardan boshlab yuqori malakali mutaxassislardan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig`i belgilangan stavkaning 50 foizi miqdorida undiriladi.
Xalqaro e`tirof etilgan tashkilotlarning reytingida oliy ta`lim muassasalari orasida birinchi 1 000 o`rinni egallagan oliy ta`lim muassasalari bitiruvchilarining ta`lim to`g`risidagi hujjatlarini nostrifikasiyalash to`g`ridan-to`g`ri (maxsus sinovlarsiz) amalga oshiriladi.
Tashqi ishlar vazirligiga manfaatdor idoralar bilan hamkorlikda uch oylik muddatda “O`zbekiston Respublikasida chet el fuqarolari va fuqaroligi bo`lmagan shaxslarning huquqiy maqomi to`g`risida”gi Qonunini ishlab chiqish yuklandi.
Shuningdek, qarorga ko`ra 3 oy muddatda bir necha xalqaro tillarda (ingliz, nemis, arab, xitoy, rus va boshqalar) ishlaydigan O`zbekistonga kirish va undan chiqish tartib-taomillari, viza, yashash guvohnomasi olish, ro`yxatga turish, propiska qilinish tartibi, soliq va mehnat munosabatlari xususiyatlari, chet el fuqarolari uchun imtiyoz va preferensiyalar bo`yicha batafsil axborotni nazarda tutuvchi hamda ish va uy-joy izlash bo`yicha tavsiyalarni o`z ichiga oluvchi maxsus axborot portali ishga tushiriladi.






