8-9 noyabr kunlari Toshkent shahri «Sport tibbiyotining dolzarb muammo va rivojlanish istiqbollari» mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyaga mezbonlik qilmoqda.
Bugun ana shu yirik xalqaro konferenasiya o`z ishini boshladi. Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi tashabbusi bilan, Milliy Olimpiya qo`mitasi ko`magida tashkil etilayotgan ushbu tadbir poytaxtimizdagi «City Palace» mehmonxonasida o`tkazilmoqda.
Tadbirni Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi rahbari Abdushukur Sodiqov ochib berdi. So`ngra O`zbekiston Milliy olimpiya qo`mitasi Bosh kotibi Jasur Matchanov so`zga chiqdi va O`zbekistonda sport tibbiyotining rivojlanishida Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazining o`rni beqiyos ekanligi, mazkur konferensiya o`zaro fikr almashish, tajriba orttirish yo`lida o`ziga hos axborot maydoni bo`lishini ta`kidlab o`tdi. Toshkent davlat stomotologiya universiteti rektori Jasur Rizaev ham sport tibbiyoti rivoji yo`lida bir qator muhim ishlar amalga oshirilayotganini aytib o`tdi.
So`ngra tadbirning martabali mehmonlari tomonidan ma`ruzalar boshlandi. Avvaliga markaz direktori, tibbiyot fanlari doktori, professor Abdushukur Sodiqov «O`zbekistonda sport tibbiyotining kecha va buguni» mavzusida chiqish qildi. So`ngra Rossiyadan tashrif buyurgan taniqli akademik, MDH va Boltiqbo`yi davlatlari sport tibbiyoti vrachlari assosiasiyasi prezidenti Boris Polyaev Rossiya sport tibbiyotining hozirgi zamon yutuqlari haqida gapirib berdi.
Yaponiyalik olim, 2020 yilgi Tokio Olimpiya va Paralimpiya o`yinlari tashkiliy hay`yat a`zosi Ishida Xiroyukining «Sportda to`satdan o`limni oldini olish strategiyasi» mavzusidagi ma`ruzasi yig`ilganlarda katta qiziqishga sabab bo`ldi.
Konferensiya davomida yana bir qator muhim mavzulardagi chiqishlar, master-klasslar o`tkazilishi rejalashtirilgan.








