Jinoyat-ijroiya qonunchiligini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risidagi Prezident qarori qabul qilindi.
Qaror bilan jinoiy jazolarning ijrosini ta`minlash sohasidagi normativ-huquqiy bazani yanada takomillashtirishning ustuvor yo`nalishlari belgilandi.
2019 yil 1 yanvardan Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasining Ozodlikdan mahrum qilish bilan bog`liq bo`lmagan jazolarni ijro etilishini nazorat qilish boshqarmasi negizida Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi huzuridagi Probasiya xizmati tashkil etiladi.
Shartli hukm qilingan va shartli ozod qilingan shaxslarning xulq-atvori ustidan ta`sirchan nazoratni amalga oshirish probasiya bo`linmalarining asosiy vazifalaridan biri etib belgilandi.
2019/2020 o`quv yilidan boshlab Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida “Jinoiy jazolarni ijro etish faoliyati” mutaxassisligi bo`yicha o`qish joriy etiladi.
Shuningdek qaror bilan 2019–2021 yillarda O`zbekiston Respublikasi jinoyat-ijroiya qonunchiligini takomillashtirish konsepsiyasi tasdiqlandi.
Konsepsiya doirasida jinoyat-ijroiya qonunchiligini xalqaro standartlargamosligini qayta ko`rib chiqish, mahkumlarni kamera tipida saqlashni joriy etish, shuningdek muayyan huquqdan mahrum qilingan shaxslarni qayta kasbiy tayyorlash masalalari nazarda tutilgan.
Bundan tashqari ozodlikdan mahrum qilinganlarning ish haqidan davlat ijtimoiy sug`urtasiga ajratmalar o`tkazishga bo`lgan cheklovni bekor qilish, shuningdek ularni oliy va o`rta maxsus ta`lim muassasalarida masofaviy o`qitishni joriy etish ham konsepsiyada o`z aksini topgan.






