Kecha, 9 noyabr kuni Toshkent shahrida O`zbekiston—AQSh mudofaa idoralari vakillari ishtirokida navbatdagi ikki tomonlama maslahatlashuvlarni o`tkazdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Mazkur tadbir O`zbekiston mudofaa vazirining birinchi o`rinbosari – Qurolli Kuchlar Bosh shtabi boshlig`i general-mayor Pavel Ergashev va AQSh mudofaa vazirining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo`yicha yordamchisining o`rinbosari Kolin Jekson raisligida bo`lib o`tdi.
Unda AQSh harbiy delegasiyasi hamda O`zbekiston Mudofaa, Tashqi ishlar va Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy gvardiya hamda Mudofaa sanoati davlat qo`mitasi vakillari ishtirok etdi.

Uchrashuv davomida tomonlar O`zbekiston—AQSh tegishli idoralari o`rtasida imzolangan kelishuvlarning amalga oshirilishi yuzasidan fikr almashib, kelgusi rejalarni belgilab oldi. O`zbekiston Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilarining professional bilim va ko`nikmalarini oshirish yo`lida mamlakatlarimiz o`rtasida harbiy hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Shuningdek, maslahatlashuv jarayonida Afg`onistondagi vaziyat, unda tinchlikni o`rnatish bo`yicha amalga oshirilayotgan ishlar, mintaqada barqarorlikni saqlab qolish masalalari ham ko`rib chiqildi.

Eslatib o`tamiz, 8 noyabr kuni O`zbekiston mudofaa vaziri Abdusalom Azizov AQSh harbiy delegasiyasini qabul qilib, ular bilan harbiy hamkorlikning hozirgi ahvoli va uni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qilgan edi.






