AsosiyJamiyat

5 tilni bilgan poliglot o`zbek qizi

'5 tilni bilgan poliglot o`zbek qizi'ning rasmi

Nozimaxon ZOKIROVA, Tokio shahri (Yaponiya):

— Andijonning Buloqboshi tumanida tug`ildim. Liseyda o`qib yurgan paytlarim ingliz tili markaziga qatnay boshladim. Bu tilni tez o`zlashtirayotganimni ko`rgan kursdoshlarim “Qachon chet elga o`qishga ketasiz?”, deb hazillashib qo`yishardi. Hazillar chinga aylanib, Yaponiyaning Fukuoka prefekturasida joylashgan Osiyo tinchlik universitetining xalqaro munosabatlar fakultetiga grant asosida o`qishga kirdim. Birinchi kundanoq bildimki, bu erda darslar ingliz tilida o`tilgani bilan yapon tilini bilmagan odamga qiyin bo`ladi. Shuning uchun yaponchani o`rganishga kirishdim.

Boshida uni o`zlashtirish imkonsizdek tuyuldi. Ikki xil alifbo va bizga umuman yot ierogliflarni eslab qololmay, qiynaldim. Soatlab o`qisam ham natija bo`lmasdi. Oradan olti oy o`tibgina yapon va o`zbek tili aslida bir-biriga o`xshash ekanini tushunib etdim. Hamma gap tilning mag`zini chaqib o`rganishda ekan. Bora-bora yaponchada bemalol gaplashadigan bo`ldim.

Tahsil borasidagi maqsadlarim o`zgarib, Tokio Xalqaro universitetiga o`qishimni ko`chirdim. Ishonasizmi, shu oliy o`quv yurtida o`tkazilgan yapon tili notiqliq san`ati bellashuvida xorijlik talabalar o`rtasida 1-o`rinni egalladim. Buning ortida 3 yillik tinimsiz mehnat yotganini meni olqishlab turganlar bilsa edi, deb o`ylaganman, o`shanda.

Yapon tili bo`yicha JLPT testida N1 (eng yuqori) bahoni qo`lga kiritib, qarasamki, universitetdagi hamma yapon darslarini tugatib bo`libman. Keyin yangi tilni o`rganishga kirishdim.

Ilmiy tadqiqotlar ham shuni isbotlagan – agar kishi 2 tilni yaxshi o`rganib olsa, 3-tilni o`zlashtirish oson kechadi. Menda ham shunday bo`ldi. Turk tilini o`rganishda qariyb qiyinchilik sezmadim. Qolaversa, turk do`stlarim ko`p bo`lgani sabab borgan sari bu go`zal tilga qiziqishim ortdi. Mustaqil ravishda kitoblar, she`rlar, blog-postlar o`qiy boshladim. O`qishni tugatar chog`im ingliz, yapon, turk tillarini mukammal bilish darajasiga etdim.

Hozir veb-marketing va axborot texnologiyalari yo`nalishida faoliyat ko`rsatuvchi Vantage Management kompaniyasida xalqaro marketing maslahatchisi lavozimida ishlayapman. Korxonamiz, asosan, xorijlik mijozlar bilan ishlagani bois barcha o`rgangan tillarim asqotmoqda. Kompaniyamiz prezidenti ba`zan meni maqtab “O`zbekistonda hamma ko`p til biladimi?”, deb so`rab qo`yadi.

Ayni kunlarda arab tilini o`rganish bilan bandman. Yaqin ikki yil uchun mo`ljallagan rejam arab tilini yaxshi o`rganish va O`rta Sharq mamlakatlari bilan ish yuritish.

Nozimaxondan 3 tavsiya:

1. Til o`rganish kattaroq maqsadlar — tahsil, karera va hokazolar uchun kalit bo`lishi kerak.

2. Avval til paydo bo`lgan, so`ngra yozuv. Demak, avval gapirishdan boshlab, so`ng yozuv va misollar orqali bilimni mustahkamlash o`rinli. Har kuni 15-30 daqiqani o`rganayotgan tilingizning grammatikasini bilishga, 15-30 daqiqani esa yod olgan qoidalaringizni amalda qo`llashga sarflang, kamida 3-5 varoq chet tilidagi kitoblarni o`qishni kanda qilmang.

3. Ko`tarinkilik bilan o`rganilgan ma`lumotlar yaxshiroq qabul qilinadi. Maza qilib til o`rganish yo`llarini qidiring.

    Boshqa yangiliklar