Janubi-g`arbiy maxsus harbiy okrugiga qarashli harbiy qismlardan birida jangovar tayyorgarlik mashg`ulotlarini o`tkazishda yangicha usullar qo`llanildi. Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Real jangovar sharoitga yaqinlashtirilgan mashqlar davomida shartli dushman tomonidan amalga oshirilishi mumkin bo`lgan ehtimoliy harakatlar inobatga olinib, ularga qarshi hujumlar uyushtirildi.
“Shaxsiy tarkibining mashg`ulotlari qurolli to`qnashuvlarning o`zgarib borayotgan yo`nalishlarini hisobga olgan holda tashkillashtirilmoqda. Chuqur izlanishlar natijasida mutaxassisliklar tarkibi, harbiy fanlarni o`qitishning metod va texnologiyalari hamda o`quv dasturlari doimiy tarzda yangilanyapti”, — deydi mutaxassis ofiser Shavkat Normirzaev.
Harbiy xizmatchilar taktik o`quvlarda shaxsiy tarkibning yashovchanligini oshirish, topshiriqlarni minimal yo`qotishlar bilan bajarish, qurol-yarog` va harbiy texnikani mohirona qo`llash usullarini takomillashtirish bo`yicha o`quv topshiriqlarni bajardilar.
Bu kabi mashg`ulotlar O`zbekistonning o`tish qiyin bo`lgan tog`li va cho`l hududlarida jangovar vazifalarni bajarish, belgilangan hududlarni tezkorlik bilan bosib o`tish va qisqa vaqt ichida jangovar qobiliyatni tiklash borasida muntazam tashkil etib kelinmoqda.






