Termiz davlat universitetining Iqtisodiyot kafedrasi o`qituvchisi Shavkat Atamurodovning Xitoyning Xunan universitetida doktorlik dissertasiyasini himoya qilib, iqtisodiyot fanlari bo`yicha falsafa doktori (PhD) unvoniga ega bo`ldi.
Olimning “Eksport tarkibi va uning iqtisodiy o`sishga ta`siri” mavzusidagi doktorlik dissertasiyasida mamlakatning eksport salohiyatini baholash ko`rsatkichlaridan biri bo`lgan eksport tarkibi, uning iqtisodiy xavf-xatarlarni bartaraf etishdagi o`rni va iqtisodiy o`sishga ta`siri MDH davlatlari misolida qiyosiy tahlil qilingan. Shuningdek, kelajakda eksport tarkibini diversifikasiya qilish takliflar berilgan. Xunan universiteti Ilmiy kengash a`zolari mazkur doktorlik ishi o`zining ayni dolzarbligi bilan ahamiyatli ekanligini e`tirof etganlar hamda uning hayotga tatbiq etilishi eksport sohasida katta samaradorlikka erishish imkonini berishini tasdiqlaganlar.
Termiz davlat universiteti xorijning etakchi oliy ta`lim muassasalari bilan professor-o`qituvchilar, ilmiy tadqiqotchi va talabalar almashinuvi borasida hamkorlikni yo`lga qo`ygan. Shavkat Atamurodovning Xunan universitetidagi yutuqlari ham aynan muvaffaqiyatli hamkorliklarning samarasidir.