Toshkentda davom etayotgan «Noshirlik ishi: kitobxonlarning badiiy-uslubiy saviyasi, kitobxon ehtiyojini qondirish borasida taklif va tavsiyalar» mavzusida o`tkazilayotgan amaliy konferensiyada filologiya fanlari nomzodi Omonulla Madaev so`zga chiqib, kitobxonlikni avvalo o`qituvchilardan boshlash kerak degan taklifni kiritdi, deb yozadi O`zA.
«Shu narsani esdan chiqarmaslik kerakki, inson kitobxonlik bilangina o`z darajasini saqlab qoladi, — dedi Omonulla Madaev. — Faqat kitobxon ustoz kitobxon shogirdni shakllantiradi. Birinchi navbatda Xalq ta`limi vazirligi, O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi va Matbuot va axborot agentligi birlashib maktablarda adabiyotdan dars beradigan o`qituvchilarning saviyasini oshirish masalasini o`ylashi kerak. Yaqinda Toshkent shahar o`qituvchilarni malakasini oshirish institutida ma`ruza qildim, shunda ‘Kim ‘O`tkan kunlar`ni o`qigan?’ deb savol berdim. 100 foiz o`qiganini aytib, qo`l ko`tardi. Shunda bu bilan masala hal bo`lmaydi, ‘kim bir yil avval o`qigan?’ desam, qo`l ko`tarmadi... ‘Kim ikki yil avval o`qigan?’, desam hech kim qo`l ko`tarmadi... ‘Kim to`rt yil avval o`qigan?’, deb so`raganimda, bir ikki kishi qo`l ko`tardi. Vaholanki u ‘O`tkan kunlar’ romanidagi parchani maktabda o`tadi. Demak, u har yili maktabda bu darsni o`tishdan oldin romanni o`qib, keyin sinfga kirishi kerak».
O`zbekiston matbuot va axborot agentligi Bosh direktorining birinchi o`rinbosari Sobir Shukurovning ma`lumot berishicha, 2018 yilning o`tgan 9 oyi davomida agentlik tomonidan o`tkazilgan kitob monitoringi natijasida 479 ta qonun buzilishi aniqlangan va nashriyotlarga 50 dan ortiq taqdimnoma va ko`rsatmalar kiritilgan. O`zbekiston Respublikasining «Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to`g`risida» gi qonuni talablari 87 marta buzilgan.






