AsosiyJamiyat

Endi sayyohlar O`zbekiston vizasi bilan Qozog`istonga, Qozog`iston vizasi bilan O`zbekistonga kelishi mumkin

'Endi sayyohlar O`zbekiston vizasi bilan Qozog`istonga, Qozog`iston vizasi bilan O`zbekistonga kelishi mumkin'ning rasmi

Mazkur hujjat Chimkent shahrida ikki davlat vakillari ishtirokida bo`lib o`tgan Hududlararo birinchi forumda qabul qilindi, deb yozmoqda "Xalq so`zi" nashri.

Qozog`iston bosh vaziri o`rinbosari A.Mamin qayd etib o`tganidek, 2018 yil ikki xalqning madaniy va savdo-iqtisodiy yo`nalishlarda amaliy yaqinlashuvi borasida muvaffaqiyatli kechdi. Uning so`zlariga ko`ra, joriy yil ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qilayotgan ko`plab tadbirlar o`tkazildi.

Davlatlar o`rtasidagi o`zaro savdoda ijobiy o`sish kuzatilayotir. 2018 yilning dastlabki to`qqiz oyida tovar aylanmasi 2 mlrd. dollardan ziyodni tashkil etgani, bu o`tgan yilning shu davridagiga nisbatan 40 foiz yuqoriligi buning tasdig`idir.

“2018 yil yakuniga ko`ra, prognozlarga muvofiq, o`zaro savdo hajmi 3 mlrd. dollarga etadi. Davlat rahbarlari savdo hajmini yanada ko`paytirish salohiyatini inobatga olib 2020 yilgacha tovar aylanmasida 5 mlrd. dollarlik natijaga erishish vazifasini qo`yishgan ”, - dedi u.

Bosh vazir o`rinbosarlari Qozog`iston va O`zbekiston chegarasidagi “Jibek joli” va “Yallama” nazorat-o`tkazish punktlari(NO`P) faoliyatini ko`zda kechirishdi. Shu asnoda chegara punktlari infratuzilmalarini raqamli texnologiyalardan foydalangan holda modernizasiya qilish, mavjud NO`Plarni jadal rekonstruksiyalash, yangi punktlarni ochish, shuningdek, avtovokzal barpo qilish zarurligi qayd etildi.

O`z navbatida sanoat, qurilish, transport, tranzit, turizm kabi soxalar o`zaro munosabatlarning ustuvor yo`nalishlari ekanligi ta`kidlandi.

O`zbekiston bosh vaziri o`rinbosari A.Ramatov ikki davlat o`rtasidagi sheriklik aloqalari mustahkam asos va uzoq muddatli istiqbolga ega ekanligini bildirdi. Ayni paytda O`zbekiston iqtisodiyotining turli sektorlarida Qozog`iston kapitali ishtirokida 260 ta korxona faoliyat yurityapti. Qozog`istonda O`zbekiston yili o`tkazilayotgani barcha jabhalardagi hamkorlikni yanada kuchaytirishga xizmat qilmoqda.

Forum yakunida ikki mamlakat hududlari rahbarlari iqtisodiyotning etakchi tarmoqlarida qo`shma loyihalarni amalga oshirish bo`yicha 16 ta hujjat imzolashdi.

O`z navbatida Buyuk ipak yo`li davlatlarining viza rejimlarini o`zaro tan olish, “KTZ Express” AJ va “O`zavtotranstexnika” ilmiy-ishlab chiqarish markazi o`rtasida qo`shma korxona ochishga oid bitim imzolandi. “KazTransGaz” va “O`ztransgaz” o`rtasida O`zbekiston hududi orqali tabiiy gazni yuborishga doir kelishuvga erishildi.

Shundan so`ng ishtirokchilar “Korme” ko`rgazma majmuasiga tashrif buyurishdi. U erda ikki mamlakatning avtosanoat, kimyo, to`qimachilik, yog`ochni qayta ishlash sanoati mahsulotlari namoyish etildi.

    Boshqa yangiliklar