AsosiyJamiyat

Yilning eng yaxshi ishbilarmonlariga Prezident sovg`asi topshirildi

'Yilning eng yaxshi ishbilarmonlariga Prezident sovg`asi topshirildi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun tashkil etilgan “Tashabbus-2018“ respublika ko`rik-tanlovining g`olib va sovrindorlarini tantanali taqdirlashga bag`ishlangan tadbir poytaxtimizdagi “Navro`z“ majmuasida bo`lib o`tdi. Bu haqda O`zA xabar berdi.

O`zbekiston Respublika Savdo-sanoat palatasi tomonidan tashkil etilgan mazkur tadbirga turli vazirlik va idoralar mutasaddilari, xalqaro tashkilotlar, diplomatik korpus vakillari, ishbilarmonu hunarmandlar, fermerlar taklif etildi.

Savdo-sanoat palatasi raisi A.Ikromov, Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchi J.Ortiqxo`jaev va boshqalar yurtimizda tadbirkorlik rivoji yo`lida ko`rsatilayotgan tizimli sa`y-harakatlar qulay ishbilarmonlik muhitini yaratishga, tadbirkorlarning huquqiy manfaatlarini himoyalashga, ularning erkin va samarali faoliyat ko`rsatishiga imkon yaratayotganini ta`kidladi.

10.jpg

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yangi ish o`rinlarini tashkil etish, barqaror daromad manbalarini yaratish, milliy iqtisodiyot rivojiga munosib hissa qo`shish, hayotimiz farovonligi, dasturxonlarimiz barakasini ta`minlashning muhim omiliga aylanib bormoqda. Shu ma`noda Prezidentimiz sovrini uchun “Tashabbus“ ko`rik-tanlovi tadbirkorlik sub`ektlari o`rtasida 23 yildan buyon muvaffaqiyatli o`tkazib kelinayotgan yagona tanlov ekani bilan ajralib turadi.

Ayni paytda O`zbekiston Fermer, dehqon xo`jaliklari va tomorqa er egalari kengashi, Respublika “Hunarmand“ uyushmasi, Yoshlar ittifoqi, boshqa qator vazirlik va idoralar hamkorligida o`tkazilayotgan mazkur ma`rifiy loyiha kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga, ishbilarmon doira vakillari erishayotgan yutuqlarni targ`ib etishga, yoshlarda mulkdor bo`lish hissini kuchaytirishga, tadbirkorlarning imkoniyatlarini to`laqonli yuzaga chiqarishga xizmat qilmoqda.

11.jpg

Tanlovning ilk bosqichida olti mingdan ortiq ishtirokchi qatnashgan bo`lsa, hududiy bosqichlarda 915 nafar tadbirkorlik sub`ektlari mutasaddilari o`zaro kuch sinashdi. Loyihaning final bosqichgacha esa 69 nafar ishtirokchi etib keldi.

Jonona Obloqulova yosh bo`lishiga qaramay, Toshkent viloyatida “Skazochniy mir“ xususiy maktabgacha ta`lim maskanini ochishga muvaffaq bo`lgan. Bu erda bolalarga “Ilk qadam“ o`quv-ma`rifiy dasturi asosida o`qishga bo`lgan qiziqishni oshirish bilan birga, yigirmaga yaqin to`garaklarda mashg`ulotlar o`tiladi.

– Bugun astoydil ishlayman, yurt ravnaqiga hissa qo`shman, degan inson borki, barining ezgu orzu-intilishlari ro`yobga chiqmoqda, – deydi J.Obloqulova. – “Tashabbus“ ko`rik-tanlovida yosh tadbirkorlarga ham o`z salohiyatini namoyish etish uchun keng imkoniyatlar yaratilganidan g`oyat mamnunmiz.

Akmal Ahmedov – Samarqand viloyatidagi “Sam – Ferre“ mas`uliyati cheklangan jamiyat rahbari. 2012 yilda tashkil etilgan mazkur korxona o`z faoliyatini dastlab 15 nafar ishchi bilan boshlagan bo`lsa, bugungi kunda ishchilar soni 82 nafarga etdi. Bankdan kredit olmay, o`z mablag`i asosida ishni tashkil etgan tadbirkorning sa`y-harakatlari bilan endilikda korxonada 50 ga yaqin turdagi mahsulotlar – gaz plitasi, temir eshiklar, maishiy va savdo muzlatkichlari ishlab chiqarish yo`lga qo`yilgan. A.Ahmedovning aytishicha, tadbirkorlarga ko`rsatilayotgan yuksak e`tibor va g`amxo`rlik “Tashabbus“ ko`rik-tanlovi misolida o`zining yorqin ifodasini topmoqda.

Mazkur ko`rik-tanlov joriy yilda yangicha formatda o`tkazilgani e`tiborga molik. Uning asosiy uchta - “Yilning eng yaxshi yosh tadbirkori“, “Yilning eng yaxshi fermeri“, “Yilning eng yaxshi hunarmandi“ nominasiyalari qatoriga yana ikkita yangi – “Sanoat sohasida yilning eng yaxshi tadbirkori“, “Xizmat ko`rsatish sohasida yilning eng yaxshi tadbirkori“ nominasiyalari ham qo`shildi. Demakki, asosiy nominasiyalar beshta etib belgilandi. Bu esa, o`z navbatida, barcha tadbirkorlik sub`ektlari uchun yanada kengroq imkoniyatlarni ochib berishi shubhasiz.

15.jpg

Tadbirning eng hayajonli onlari boshlandi. Hakamlar hay`atining yakdil xulosasiga ko`ra, “Sanoat sohasidagi yilning eng yaxshi tadbirkori“ nominasiyasi bo`yicha Namangan viloyatidagi “Namangan momiq sochiqlari“ mas`uliyati cheklangan jamiyat rahbari G`iyosiddin Boboxonov birinchi o`ringa munosib topildi. “Xizmat ko`rsatish sohasida yilning eng yaxshi tadbirkori“ nominasiyasi Farg`ona viloyatidagi “Fargona tibbiy diagnostika“ mas`uliyati cheklangan jamiyati rahbari Abdumalik Ergashevga nasib etdi. “Yilning eng yaxshi yosh tadbirkori“ nominasiyasi bo`yicha birinchi o`ringa Toshkent shahridagi “Azr-Textile Group“ mas`uliyati cheklangan jamiyat rahbari Azizjon Zoirov loyiq topildi. Samarqandlik yog`och o`ymakorligi sohasi bo`yicha hunarmand Mansur Asadov “Yilning eng yaxshi hunarmandi“ nominasiyasida g`oliblikni qo`lga kiritdi. Xorazmlik “Yo`ldosh Majid“ fermer xo`jaligi rahbari Yo`ldosh Iskandarov “Yilning eng yaxshi fermeri“ nominasiyasi bo`yicha birinchi o`rinni egalladi. Ularga O`zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrinlari – “Chevrolet-Spark“ avtomobillari, “Tashabbus-2018“ ko`rik-tanlovining maxsus statuetkasi, diplom va esdalik sovg`alari topshirildi.

– Tadbirkoru hunarmandlarga bu qadar katta e`tibor dunyoning hech qaysi davlatida uchramaydi, – deydi “Yilning eng yaxshi hunarmandi“ nominasiyasi g`olibi Mansur Asadov. – Prezidentimizning yurtimiz usta-hunarmandlariga ko`rsatayotgan g`amxo`rligini doimiy his etib mehnat qilmoqdamiz. Bu rag`bat yanada ko`proq izlanishga, bildirilgan yuksak ishonchga munosib bo`lishga undaydi.

Marosimda shuningdek, asosiy nominasiyalar bo`yicha ikkinchi va uchinchi o`rin sohiblari, “Eng yaxshi innovasion loyiha“, “Yoshlarga eng ko`p ish joyi yaratgan tadbirkor“, “Eng yaxshi tadbirkor ayol“, “Mening yurtim – mening iftixorim“, “Eng yaxshi oilaviy biznes sohibi“, “Eng yaxshi eksportchi“, “Eng mas`uliyatli ijtimoiy sherik“ kabi o`nlab rag`batlantiruvchi nominasiyalar bo`yicha sovrindorlar aniqlandi.

6.jpg

San`at ustalari va ijrochi yoshlar ishtirokidagi katta konsert dasturi ko`rik-tanlov taqdirlash marosimining ko`tarinki ruhda o`tishiga xizmat qildi.

    Boshqa yangiliklar