AsosiyJamiyat

O`zbekiston o`z bayrog`iga ega bo`lganiga 27 yil to`ldi

'O`zbekiston o`z bayrog`iga ega bo`lganiga 27 yil to`ldi'ning rasmi

Davlat bayrog`i Vatanimizning sha`ni, xalqimizning g`ururini yorqin aks ettirishi barchamizga iftixor baxsh etadi.

Davlatimiz suverenitetining ramzlaridan biri – mustaqil O`zbekiston Respublikasining “Davlat bayrog`i to`g`risida”gi qonuni qabul qilinganligiga 27 yil to`ldi. O`zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1991 yil 18 noyabrdagi navbatdan tashqari VII sessiyasida tasdiqlangan Davlat bayrog`i – mamlakat davlat suverenitetining ramzi hisoblanib, u er yuzining shu sarhadlarida mustaqil O`zbekiston davlati borligini anglatadi va o`zida milliy-madaniy an`analarimizni mujassamlashtiradi.

Davlat bayrog`imiz xalqaro maydonda, jumladan, O`zbekiston Respublikasi rasmiy delegasiyalarining xorijiy mamlakatlarga safarlari chog`ida, xalqaro tashkilotlarda, konferensiyalarda, jahon ko`rgazmalarida, sport musobaqalarida O`zbekiston Respublikasining timsoli bo`lib kelmoqda.

Bayrog`imiz o`zida butun O`zbekiston xalqining asriy orzu-istaklari, g`ayrati va shijoatini, xalqimizga xos mehmondo`stlikni mujassam etgan. Milliy bayrog`imizning davlat idora va muassasalari, o`quv yurtlari, O`zbekiston a`zo bo`lgan xalqaro tashkilotlar, chet ellardagi elchixona va doimiy vakolatxonalarimiz peshtoqida hilpirab turishi, turli bayram va tantanalarda, mamlakatimiz vakillari qatnashayotgan xalqaro miqyosdagi siyosiy, madaniy-ma`rifiy tadbirlarda, nufuzli sport musobaqalarida Vatanimizning sha`ni, xalqimizning g`ururini yorqin aks ettirishi barchamizga iftixor baxsh etadi.

    Boshqa yangiliklar