Joriy yilning 21 noyabr kuni “NAESMI Media Hall” (“Zarafshon” konsert zali)da O`zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assosiasiyasi tashkil etilganligining 15 yilligi munosabati bilan qator tadbirlar o`tkaziladi.
Jumladan, “O`zbekiston nodavlat ommaviy axborot vositalari: kelajak chaqiriqlari va rivojlanish istiqbollari” mavzusida xalqaro konferensiya, Yoshlar media-forumi hamda“Ozod yurt to`lqinlari” XI an`anaviy media-festivali o`tkaziladi. Tadbir O`zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assosiasiyasi tomonidan O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo`llab-quvvatlash jamoat fondining mablag`larini boshqarish bo`yicha parlament komissiyasi, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, O`zbekiston yoshlar ittifoqi, O`zbekiston matbuot va axborot agentligi ko`magida, Germaniyaning Konrad Adenauer nomidagi jamg`armaning Markaziy Osiyo bo`yicha mintaqaviy vakolatxonasi, UNICEFning O`zbekistondagi vakolatxonasi, UNESCOning O`zbekistondagi vakolatxonasi hamkorligida tashkil etilmoqda.
Tadbirda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a`zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, davlat va jamoat tashkilotlari, O`zbekiston Respublikasida akkreditasiyadan o`tgan diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar rahbar hamda vakillari, shuningdek, mamlakatimizda faoliyat yurituvchi ommaviy axborot vositalari, jurnalistika yo`nalishida tahsil olayotgan oliy o`quv yurtlari talabalari ishtirok etadi.
“O`zbekiston nodavlat ommaviy axborot vositalari: kelajak chaqiriqlari va rivojlanish istiqbollari” mavzusidagi xalqaro konferensiya
Mazkur konferensiya nodavlat ommaviy axborot vositalarining erkin, samarali faoliyat yuritishi va rivojlanishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratib berish, shuningdek, demokratik huquqiy davlat va ochiq fuqarolik jamiyati qurilishidagi rolini muhokama qilish, dolzarb masalalar bo`yicha tajriba almashish hamda bu borada taklif va tavsiyalarni ishlab chiqish maqsadida tashkil etilmoqda. Konferensiya ishi 6 ta sessiyada ko`rib chiqiladi. Anjumanda “Bolalarni tarbiyalash va ularning rivojlanishdagi OAVning keng ko`lamdagi faoliyati”, “Mustaqil jurnalistikaning rivojlanishi: O`zbekiston tajribasi va xalqaro amaliyot”, “OAV, hukumat va fuqarolik jamiyati manfaatlarini ta`minlashdagi o`zaro uyg`unlik”, "Parlament komissiyasi fuqarolik jamiyati institutlarini qo`llab-quvvatlash vositasi”, “Xalqaro media standartlarning asoslari. Germaniya tajribasi”, O`zEOAVMA hamda Yoshlar ittifoqi hamkorligi natijalariga oid masalalar muhokama etiladi.
Ommaviy axborot vositalari erkin fuqarolik jamiyatining muhim institutiga aylanmoqda
Bugungi kunda mamlakatimizda nodavlat ommaviy axborot vositalarining jamiyatdagi o`rnini oshirish, ularni qo`llab-quvvatlashga alohida e`tibor qaratilmoqda. O`zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assosiasiyasi bugungi kunda o`z atrofiga 100 dan ortiq nodavlat elektron OAVni birlashtirgan holda unga a`zo nodavlat teleradiouzatuvchilarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish, huquqiy jihatdan qo`llab-quvvatlash, teleradiokanallar efir dasturlarini milliy manfaatlarimizga mos keluvchi kontent bilan ta`minlash, ularda faoliyat yurituvchi ijodiy va texnik xodimlarning kasbiy malakasini oshirib borish, teleradio-stansiyalarning moddiy-texnik bazasini zamonaviy texnik uskunalar bilan ta`minlash borasida samarli ishlarni amalga oshirmoqda.
Yoshlar media-forumida 2019 yilda amalga oshiriladigan loyihalar taqdimoti
Ommaviy axborot vositalari xodimlari va yosh jurnalistlar uchun tashkil etilayotgan Yoshlar media-forumida O`zbekiston yoshlar ittifoqi, O`zEOAVMA hamda O`zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikasiyalar universiteti hamkorligi natijalari, 2019 yilda amalga oshiriladigan loyihalar taqdimoti, turli muhokamalar, yoshlar ishtirokida yangi dasturlar taqdimoti o`tkaziladi. Tadbir yakunida yoshlarga oid davlat siyosatini keng targ`ib qilish, yoshlar hayotini yoritishda faollik ko`rsatgan ijodiy guruhlar taqdirlanadi.
“Ozod yurt to`lqinlari” XI an`anaviy media-festivalida munosiblar taqdirlanadi
“Kelajak – bugundan boshlanadi” shiori ostida tashkil etilib, yangi formatda nishonlanishi rejalashtirilgan. Tadbirda yoshlar zamonaviy uslubda yangicha ko`rinishdagi chiqishlari bilan ishtirok etishadi. Festivalda milliyjurnalistika rivojiga munosib hissa qo`shayotgan nodavlat teleradiouzatuvchilarning eng yaxshi ijodiy va texnikxodimlari “Innovasion yondashuv uchun”, “Oilaviyqadriyatlar doim trendda”, “Tezkor, aniq va batafsil”, “Markazda yoshlar”, “Hududda etakchi”, “O`zEOAVMAning eng yaxshi media loyihalari” nominasiyalar bo`yicha telestansiya va radiostansiya vakillari takdirlanishadi. Shuningdek, “2017-2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasi ijrosini yoritishda faol hamkorligi uchun”, “Nodavlat teleradiouzatuvchilar rivojiga qo`shayotgan hissasi uchun”, “O`zEOAVMA bilan ishonchli va uzoq yillik hamkorligi uchun”, “Bolalar va yoshlar yo`nalishidagi faol hamkorlik uchun”, “O`zEOAVMA bilan samarali ijtimoiy sheriklik uchun” nominasiyalari bo`yicha esa hamkor tashkilotlar taqdirlanishadi. G`oliblarga “Ozod yurt to`lqinlari” haykalchalari, diplom va qimmatbaho sovg`alar topshiriladi.






