AsosiyJamiyat

Moliya vazirligi: Gazni qimmat sotayotgan shoxobchalar jazoga tortiladi

'Moliya vazirligi: Gazni qimmat sotayotgan shoxobchalar jazoga tortiladi'ning rasmi

Shu yilning 16 noyabridan avtomobillarga gaz shoxobchalari orqali quyilayotgan gaz narxlari tahlili shuni ko`rsatdiki, ular tomonidan realizasiya qilinayotgan tabiiy gaz narxi 300-400 so`mga qimmatlagan (1700-1800 so`mdan 2000-2200 so`mgacha).

Moliya vazirligining ma`lum qilishicha, avtomobillarga gaz quyish kompressor stansiyalari orqali realizasiya qilinayotgan tabiiy gaz narxini oshirishga asos yo`q.

Ma`lumot uchun: 16 noyabrga qadar gaz-zapravkalarga etkazib berilayotgan 1 kubometr tabiiy gazning narxi — 789 so`m 74 tiyin (buning 289,74 tiyini — tabiiy gazning ulgurji sotish narxi, 500 so`mi — maxsus investisiya ustama haqi).

Moliya vazirligi gaz-zapravkalar tomonidan narxning 17 foizga oshirilishini asossiz, deb biladi. Agar narxlar 15 noyabrgacha bo`lgan holatga qaytmasa, tegishli sanksiyalarni ko`rishga majbur bo`ladi. Jumladan, transport vositalari uchun benzin, dizel yonilg`isi va gaz iste`moli uchun soliq stavkasini ko`paytirish orqali noqonuniy yo`l bilan olinayotgan daromadlarni olib qo`yish taklifi bilan chiqishga yoki boshqa fiskal choralarni ko`rishga majbur bo`ladi.

Hozirgi paytda Davlat raqobat qo`mitasi, “O`zdavneftgazinspeksiyasi” va davlat soliq xizmati organlariga qonunchilikda belgilangan tartibda nohalol raqobat faktlarini aniqlash maqsadida gaz-zapravkalarda narxlar ustidan qat`iy nazorat o`rnatish bo`yicha topshiriq berilgan.

Eslatib o`tamiz, metan gazning hududlarda har xil narxlarda sotilayotgani haqida xabar berilgan edi.

    Boshqa yangiliklar