Samarqand viloyati Paxtachi tumanida ikki yuk avtomobili ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi.
Hodisa 16-may kuni tongda M-37 “Samarqand–Buxoro–Turkmanboshi” avtomobil yo‘lining Paxtachi tumani hududidan o‘tuvchi qismida yuz bergan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, “FAV” rusumli yuk avtomobili haydovchisi harakat vaqtida uxlab qolib, rul boshqaruvini yo‘qotgan. Oqibatda u yo‘l chetida to‘xtab turgan “Sinoturk Howo” yuk mashinasiga urilgan, so‘ng yana bir yuk avtomobiliga borib to‘qnashgan.
YTH ortidan transport vositalarining ayrim qismida yong‘in chiqqan. Yong‘in qutqaruvchilar tomonidan qisqa vaqt ichida o‘chirilgan.
Hodisa oqibatida jabrlanganlar va halok bo‘lganlar yo‘q. Hozirda holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Mas’ullar haydovchilarni charchoq holatida rulga o‘tirmaslik va yo‘l harakati qoidalariga amal qilishga chaqirdi.






