O`zbekiston xalq ta`limi vazirligi qish vaqtida maktab o`quvchilari(qizlar)ning shim kiyishiga qarshi emas. Xalq ta`limi vazirligi telegramm kanalida bu haqda xabar qilinmoqda.
2018 yil tasdiqlangan "Davlat umumiy o`rta ta`lim muassasalari o`quvchilarini zamonaviy yagona maktab formasi bilan ta`minlash chora-tadbirlari to`g`risida"gi qaroriga ko`ra, davlat umumiy o`rta ta`lim muassasalarida o`quvchilar uchun zamonaviy yagona maktab formasi joriy etilgan.
Mazkur qaror bilan tasdiqlangan "Davlat umumiy o`rta ta`lim muassasalari o`quvchilari uchun zamonaviy yagona maktab formasini joriy etish tartibi to`g`risidagi" nizomning 8-bandiga ko`ra, ob-havo sharoitidan kelib chiqib, o`quvchilar maktab formasining nimchasini yoki kostyumini, ko`ylakning engi uzun yoki kalta shaklini ixtiyoriy ravishda kiyishlari mumkin.
Shuningdek, qishki o`qish davrida o`quvchi qizlarga yagona maktab formasiga mos (klassik bichimdagi) shim kiyishga ruxsat beriladi.
Eslatib o`tamiz, 2018/2019 o`quv yilidan boshlab o`quvchilarning davlat umumiy o`rta ta`lim muassasasiga tasdiqlangan shakllardagi maktab formasida kelishlari ixtiyoriy, 2019/2020 o`quv yilidan boshlab esa majburiy hisoblanadi.