Yo`l harakati xavfsizligini ta`minlash maqsadida Samarqand shahrining 4 ta ko`cha va chorrahasida 2019 yil 15 yanvardan maxsus avtomatlashtirilgan foto hamda video qayd etish uskunalari ishga tushadi, deb yozadi O`zA.
Viloyat hokimining qaroriga asosan hozirgi kunda Registon maydoni majmuasi qarshisidagi piyodalar o`tish joyiga, Mirzo Ulug`bek – Bo`stonsaroy, Mirzo Ulug`bek – Shohrux hamda Mir Said Baraka – Mirzo Ulug`bek ko`chalari chorrahalariga maxsus avtomatlashtirilgan foto, video qayd etish texnika vositalari o`rnatildi.
Mazkur uskunalar orqali yo`l harakati qoidalari, ya`ni transport vositasini boshqarish vaqtida telefondan foydalanish, svetofor ishorasiga bo`ysunmaslik, yo`l chizig`i va belgilariga amal qilmaslik kabi qoidabuzarlik sodir etgan haydovchilar aniqlanib, ularga nisbatan tegishli choralar qo`llanilishi joriy etiladi.
Shu bilan birga viloyat ko`chalarida onlayn tizimida ishlayotgan 4 ta «Arena» rusumli tezlikni o`lchash uskunalari mavjud va ular yordamida bugungacha 39 mingga yaqin qoidabuzarliklar aniqlangan.
Shuningdek, o`tkazilgan bir qator profilaktik va reyd tadbirlari natijasida o`tgan 2018 yilda jami 309 ming 68 qoidabuzarlik aniqlanib, uni sodir etgan shaxslarga nisbatan tegishli choralar ko`rildi.
Olib borilgan tadbirlar natijasida o`tgan 2018 yil mobaynida 2017 yildagiga nisbatan viloyat hududida sodir etilgan jami yo`l-transport hodisalari soni 8,4 foizga, ular oqibatida halok bo`lganlar 6,5 foizga, tan jarohati olganlar 12 foizga kamayishiga erishildi.
Joriy yilda Samarqand shahridagi barcha chorrahalarga maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari o`rnatilishi rejalashtirilgan.






