1

Askar o`zi tarbiyalangan Mehribonlik uyi mehmoni bo`ldi

Jamiyat 07.01.2019, 12:34
Askar o`zi tarbiyalangan Mehribonlik uyi mehmoni bo`ldi

Muddatli harbiy xizmatchi, oddiy askar Andrey Fumin Chirchiq shahridagi 14-Mehribonlik uyida tarbiyalangan. Bolaligidan harbiy sohaga mehri tushgan o`g`lon orzusiga erishdi. Hozir u Sharqiy harbiy okrugida o`z yigitlik burchini ado etmoqda.

Vatanparvarlik oyligi doirasida harbiy okrug qo`shinlari qo`mondonligi tomonidan Andrey Fuminga o`zi tarbiyalangan mehribonlik uyiga mehmonga kelish va yoshlar bilan samimiy muloqot qilish imkoni yaratildi.

IMG_7433.JPG

– Bilasiz, Mehribonlik uyiga harbiylar ko`p tashrif buyuradi. Men har gal ular bilan suhbatlashganimda qalbimda o`zgacha iliqlikni his qilardim. Egnidagi libosi o`ziga yarashgan, gap-so`zlaridan o`ziga ishonch va qat`iyat sezilib turadigan bu insonlarga qarab, “qaniydi men ham kelajakda ulardek harbiy bo`lsam”, deb niyat qilardim. Yillar o`tib havas istakka, istak esa maqsadga aylandi. Mana niyatim amalga oshdi. Endi men ham Vatan posboniman va bundan g`ururlanaman, – deydi Andrey bolajonlar bilan suhbatda.

Andreyni havas bilan tinglab o`tirgan yuzlab qorako`zlar askar akalarini birin-ketin savolga tuta boshladilar.

IMG_7466.JPG

«Askar bo`lish uchun sport bilan shug`ullanish shartmi?», «Harbiy qismda askarlar uchun yaratilgan sharoitlar haqida gapirib bering», «Bo`sh vaqtlaringiz qanday o`tadi?», «Kelajakda qaysi kasbni tanlamoqchisiz?» deya Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari tomonidan berilgan savollarga batafsil javoblar qaytarildi.

Samimiy o`tgan muloqot bolalar uchun taassurotlarga boy bo`ldi.

IMG_7500.JPG

Shuningdek, shu kunning o`zida Chirchiq shahrida «Askar – mahalla mehmoni» tadbiri ham o`tkazildi. Tadbir doirasida ayni vaqtda Qurolli Kuchlar safida xizmat qilayotgan muddatli harbiy xizmatchi, oddiy askar Husniddin Tolipov o`z uyiga mehmon bo`ldi. Yaqinlar diydori, bir piyola choy ustidagi suhbat ko`ngillarni eng yaxshi hislar bilan oshno qildi.

Temur Narziev,

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati rahbari

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1