1

Ozodbek Nazarbekov: Joriy yildagi konsert dasturlarida faqat jonli ijro bo`ladi

Jamiyat 07.01.2019, 14:03
Ozodbek Nazarbekov: Joriy yildagi konsert dasturlarida faqat jonli ijro bo`ladi

2019 yilda konsert dasturlari faqat jonli ijroda bo`lib o`tadi. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi madaniyat vazirining birinchi o`rinbosari Ozodbek Nazarbekov O`zAga ma`lum qildi.

"Mamlakatimizda musiqa san`atini yanada rivojlantirish, ayniqsa, jonli ijroni rag`batlantirish, yosh avlodni milliy va jahon musiqasining nodir namunalaridan keng bahramand etish, ular qalbida san`atga mehr va muhabbatni yanada kuchaytirish borasida bir qator ishlar olib borilmoqda. Jumladan, O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 27 yilligi munosabati bilan o`tkazilgan konsert yosh iste`dod egalari va taniqli san`at ustalari ishtirokida jonli ijroda namoyish etildi va ushbu konsert dasturi soha mutaxassislari va xalqimiz tomonidan ijobiy qabul qilindi.

Milliy estrada ijrochiligining jonli ijrodagi targ`ibotini kuchaytirish, uning afzalliklari, ayniqsa, milliy ijrochilikda tutgan o`rnini mustahkamlash maqsadida O`zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va nodavlat telekanallari orqali "Oltin mikrofon", "Imkon shou", "Cover up", "Jonli ijrodagi duel" kabi turkum ko`rsatuvlar namoyish etilmoqda va ularni keyingi yillarda ham davom ettirish ko`zda tutilgan.

Joriy yilda iste`dodli xonandalarni aniqlash va ularning ijodiy faoliyatini qo`llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish hamda davlat tadbirlari konsert dasturlarini jonli ijroda tashkil etish choralarini ko`rishni rejalashtirganmiz.

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 28 noyabrdagi "O`zbekiston Respublikasida milliy madaniyatni yanada rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to`g`risida"gi qarorida keyingi ikki yil mobaynida kompozitorlar, bastakorlar va sozandalar faoliyatini qo`llab-quvvatlash, havaskorlar orasidan iste`dodli ijrochilarni aniqlash maqsadida turli darajadagi ko`rik-tanlovlar o`tkazish, "ustoz-shogird" an`anasini yanada rivojlantirish singari bir qator bajarilishi lozim bo`lgan vazifalar belgilab berilgan.

2020 yildan boshlab har ikki yilda bir marta yosh maqom ijrochilarining iste`dodi va ijodiy qobiliyatini namoyon etish, yoshlar orasida maqom san`atiga bo`lgan qiziqishni oshirish, yoshlarning maqom ijrochiligi ko`nikmalarini yanada rivojlantirish, o`zbek musiqa ijrochiligi madaniyatini yanada yuksak darajaga ko`tarish, milliy maqom san`atini dunyo sahnalariga olib chiqish, iqtidorli yoshlarni kashf etish, rag`batlantirish va ularning ijodini targ`ib etish maqsadida Yunus Rajabiy nomidagi "Yosh maqom ijrochilari" respublika tanlovi o`tkaziladi. Aholining madaniy ehtiyojlarini qanoatlantirishga, yoshlarni yuqori saviyadagi, jonli ijrodagi milliy estrada qo`shiqlari namunalari asosida tarbiyalashga yo`naltirilgan ommaviy-madaniy tadbirlar, konsertlar va gastrollar tizimli ravishda tashkil etiladi.

Mamlakatimizda nufuzli xalqaro tanlovlarda yuqori o`rinlarni egallab kelayotgan yoshlarimiz ko`p. Ana shunday yoshlar hamda madaniyat va san`at muassasalari, bolalar musiqa va san`at maktablarining iqtidorli mutaxassis va o`quvchilarning ijodini targ`ib qilishga mo`ljallangan teleko`rsatuv va radioeshittirishlar tayyorlash borasida ham hamkorlik kelishuvlarini amalga oshirmoqdamiz.

"O`zbekkonsert" davlat muassasasi huzuridagi "O`zbekiston xalq artistlari klubi" a`zolari zimmasida esa bolalar musiqa va san`at maktablarida ijrochilik mahorati, ayniqsa, jonli ijro san`ati borasida mahorat darslarini o`tkazish va iste`dodli yoshlarni kashf etish vazifalari turibdi", - degan Nazarbekov.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1