Respublikamiz ayrim hududlarida avtomobillarga xizmat ko`rsatuvchi siqilgan va suyultirilgan gaz bilan to`ldirish shoxobchalarida o`tgan yilning dekabr oyiga nisbatan joriy yilning 4 yanvarida 1 m3 metan gaz narxi 1900 so`mdan 2200 so`mgacha, ya`ni 300 so`mgacha hamda 1 litr propan gazning narxi 200 so`mdan 500 so`mgacha oshganligi kuzatildi. Ayniqsa, bunday holat Toshkent shahri, Farg`ona va Toshkent viloyatlarida kuzatilmoqda, deb xabar bermoqda Davlat soliq qo`mitasi Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo`limi.
Davlat soliq qo`mitasi tomonidan tanlov asosida bir qancha metan gaz quyish shoxobchalarining faoliyati tahlil qilinganda, 2018 yilning 9 oyida 1 m3 metan gazning o`rtacha narxi 1650 so`mdan sotilgan bo`lsa, 4 chorakka kelib 1950 so`mgacha oshirilgan. Joriy yildan boshlab esa hech qanday asossiz ravishda 1900 so`mdan oshirilib, 2200 so`mgacha sotilmoqda.
Natijada gaz quyish shoxobchalarining rentabellik darajasi 2018 yilning 9 oyligidagi 20-29 foizdan 45-60 foizgacha oshgan. Agar ushbu shoxobchaning rentabellik darajasi 30-36 foiz miqdorida saqlangan holatda narx 1800-1900 so`mdan oshmasligi kerak edi.
Davlat soliq qo`mitasi hisobida, 2019 yilning 1 yanvaridan amaldagi soliq konsepsiyasi doirasida 1 m3 metan gazning narxi bor yo`g`i 210 so`mgacha oshishi ham inobatga olingan.
Jumladan, gaz uchun aksiz solig`i kiritilishi hisobiga 55 so`m, yagona soliq to`lov o`rniga qo`shilgan qiymat solig`i, mol-mulk, er solig`i va foyda solig`i kiritilishi natijasida 155 so`m oshishi mumkin edi.
Bundan ko`rinib turibdiki, daromadlilik va rentabellik darajasini yuqori miqdorlarda saqlash maqsadida ayrim gaz to`ldirish shoxobchalari asossiz ravishda narxlarni oshirishga urinmoqda.
Xulosa qilib aytadigan bo`lsak, joriy yilning 1 yanvaridan soliq o`zgarishlari natijasida narxlarni o`zgartirmasdan faoliyat ko`rsatilganida ham gaz quyish shoxobchalarining rentabellik darajasi 25-30 foizni tashkil etadi. Bu o`z navbatida, iqtisodiyot tarmog`idagi rentabellik darajasi bo`yicha eng yuqori ko`rsatkichlardan birini tashkil etmoqda.
Davlat soliq xizmati organlari tomonidan asossiz ravishda narxlarni oshirishga urinadigan «tadbirkorlar» faoliyati nazorat qilib boriladi.






