Yangi yilning ilk haftasidan, ya`ni o`quvchilarning qishki ta`tili yakunlanishi bilanoq Namangandagi barcha maktablarda tibbiy ko`rik boshlanadi. 11 yanvardan aprelga qadar davom etadigan chuqurlashtirilgan tibbiy ko`rikka jalb etilmagan o`quvchi qolmaydi, deb yozmoqda O`zA.
– Muhim tibbiy jarayonga har qachongidan ham puxta tayyorgarlik ko`rildi, – deydi viloyat sog`liqni saqlash boshqarmasi bosh mutaxassisi Nuriddin Qahhorov. – Avvalo, o`quvchilarga oid to`liq ma`lumotlar elektron bazasi yaratildi. Hech bir bola nazardan chetda qolmaydi. Eng tajribali shifokor va mutaxassislardan iborat tibbiy brigadalar tuzildi. Ular viloyatning eng olis hududlariga ham safarbar etiladi.
Mazkur tadbirning izchil amalga oshirilishi maxsus shtab tomonidan nazorat qilib boriladi. Kasalligi aniqlangan o`g`il- qizlarni tuman, viloyat, hatto respublika shifoxonalarida ham sog`lomlashtirish ko`zda tutilmoqda. Qariyb to`qson kun davom etadigan chuqurlashtirilgan tibbiy ko`rikda yuqori samaradorlikka erishish uchun ta`lim muassasalari, mahalla fuqarolar yig`inlari, keng jamoatchilik bilan mustahkam hamkorlik yo`lga qo`yiladi.
07.01.2019 16:23
Namangandagi barcha maktablarda tibbiy ko`rik boshlandi






