Toshkent davlat stomatologiya institutida “Tibbiyot oliy ta`lim muassasalarida mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirish masalalariga innovasion yondashuv” mavzuida o`quv-amaliy anjuman bo`lib o`tdi, deb xabar berdi O`zA.
Unda mamlakatimiz va xorijiy oliy ta`lim muassasalari professorlari, malaka oshirish, ilmiy tekshirish institutlari xodimlari, tibbiyot kollejlari o`qituvchilari, Innovasion rivojlanish vazirligi mutaxassislari ishtirok etdi.
Toshkent davlat stomatologiya instituti rektori J.Rizaev va boshqalar bugungi kunda yurtimizda sog`liqni saqlash tizimini isloh qilish, rivojlantirish maqsadida hukumatimiz tomonidan ta`sirchan sa`y-harakatlar amalga oshirilayotganini ta`kidladi.
Qisqa davr mobaynida aholiga sifatli tibbiy yordam ko`rsatishning zamonaviy tizimini shakllantirish borasida sezilarli natijalarga erishildi. Tez tibbiy yordam ko`rsatishning yagona markazlashgan tizimi yaratildi, aholiga qulaylik yaratish maqsadida joylarda yuqori texnologiyalarga asoslangan tibbiy yordam ko`rsatuvchi respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari tarmog`i barpo etildi.
Mutaxassislar ma`lumotiga ko`ra, Toshkent davlat stomatologiya instituti ayni paytda xorijiy mamlakatlarning ellikka yaqin nufuzli oliy ta`lim muassasalari va kompaniyalari bilan o`zaro hamkorlik bo`yicha memorandum imzolagan. 2018 yil davomida 50 dan ortiq talaba va 20 dan ziyod professor-o`qituvchilar xorijda malaka oshirdi. Ushbu hamkorlik dasturlari natijasida 2018/2019 o`quv yilidan Italiyaning Turin universiteti bilan “Biotibbiy muhandislik” va Moskva davlat tibbiyot stomatologiya universiteti bilan hamkorlikda “Stomatologiya” fakultetlari tashkil etildi. 2018 yil dekabr oyida Toshkent davlat stomatologiya instituti delegasiyasining Rossiyaga tashrifi doirasida Orenburg davlat tibbiyot universiteti bilan hamkorlik dasturiga asosan tashkil etilayotgan “klinik-psixologiya” yo`nalishidagi yangi fakultetga 2019/2020 o`quv yilidan talabalar qabul qilinadi.
– Prezidentimizning 2018 yil 7 dekabrdagi “O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash tizimini tubdan takomillashtirish bo`yicha kompleks chora-tadbirlar to`g`risida”gi farmoni sohada amalga oshirilishi muhim bo`lgan, yillar davomida to`planib qolgan tizimli kamchiliklarni bartaraf etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda, – deydi Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti rektori H.Oqilov. – Mazkur anjuman ham aynan sog`liqni saqlash tizimini innovasion yondashuv orqali rivojlantirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Anjumanda tibbiyot sohasini innovasion yondashuv orqali rivojlantirish borasidagi xalqaro tajriba ham o`rganildi. Xorijiy mutaxassislarning ma`ruzalari tinglandi.
Tadbir kun davomida seksiyalarga bo`lingan tarzda davom etdi. Ishtirokchilarning ma`ruzalari, bildirilgan fikr-mulohazalar to`plam holida chop etiladi.






