AsosiyJamiyat

Jizzaxda maxsus qabulxona ochildi

'Jizzaxda maxsus qabulxona ochildi'ning rasmi

Jizzax shahrida ma`muriy qamoqqa olingan shaxslarni qabul qilish va saqlash uchun mo`ljallangan maxsus qabulxonaning ochilish marosimi bo`lib o`tdi. Hokimlik, viloyat IIB hamda Jizzax shahridagi bir qator davlat va jamoat tashkilotlarining vakillari ishtirok etgan tadbirda mazkur muassasa mamlakatimiz sud-huquq tizimida kechayotgan islohotlarning natijasi ekanligi bildirildi. Shundan so`ng tadbir qatnashchilari qabulxona bilan tanishib chiqdilar.

Jizzax viloyati IIB patrul-post xizmati va jamoat tartibini saqlash boshqarmasining reabilitasiya qilish markazi hududida joylashgan 60 o`rinli maxsus qabulxonada ma`muriy qamoqqa olingan shaxslar uchun barcha zaruriy sharoitlar yaratilgan. Jumladan, muassasada uchrashuv, tibbiyot, yuvinish, dezinfeksiya va ovqatlanish xonalari hamda kutubxona mavjud.

Xuddi shunday, navbatchilik qismi, maxsus vositalarni saqlash, kotibiyat, shaxsiy ko`rikdan o`tkazish va ma`muriy xonalar,yig`ilish zali, omborxona hamda qo`shimcha elektr ta`minoti qurilmasi yuzaga keltirilgan. 2018 yilning sentyabr oyida qurilishi boshlangan ushbu muassasa 4 oy muddatda foydalanishga topshirildi. Bino va hudud videokuzatuv uskunalari nazoratiga olingan. Qurilish va jihozlash ishlariga 6 milliard 750 million so`m sarflandi.

- Ushbu maxsus qabulxona 2017 yil 9 yanvarda kuchga kirgan O`zbekiston Respublikasining “Ma`muriy qamoqni o`tash to`g`risida”gi hamda respublika Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 19 maydagi “Ma`muriy qamoqqa jalb etilgan shaxslar uchun sharoitlar yaratish to`g`rsida”gi Qarori ijrosi bo`yicha barpo etildi, - deydi Jizzax viloyati IIB patrul-post xizmati va jamoat tartibini saqlash boshqarmasi boshlig`i, podpolkovnik Hamza Salaev. - Bu erdagi sharoitlar yurtimizda inson huquq va erkinliklari ustuvor ekanligini yana bir bor tasdiqlaydi. Ya`ni, asosiy maqsad maxsus qabulxonaga joylashtirilgan shaxslarni jazolash emas, balki, to`g`ri yo`lga solishdir. Shu ma`noda, profilaktik tadbirlar faoliyatimizning negizini tashkil qiladi.

Muassasada fuqarolarning yaqinlari va advokatlar bilan uchrashishlari hamda yuridik yordam olishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Bular hammasi mamlakatimizda jazoni o`tash muassasalariga oid xalqaro huquq meyo`rlarini hayotga tatbiq etish borasida samarali va izchil tadbirlar amalga oshirilayotganligini tasdiqlaydi.

Jizzax viloyati IIB axborot multimedia guruhi

    Boshqa yangiliklar