AsosiyJamiyat

DXA: murojaatlarning aksariyati o`zboshimchalik bilan qurilgan imoratga nisbatan mulk huquqini olish bo`yicha

'DXA: murojaatlarning aksariyati o`zboshimchalik bilan qurilgan imoratga nisbatan mulk huquqini olish bo`yicha'ning rasmi

Agentlik va uning hududiy tuzilmalariga 2018 yil davomida kelib tushgan murojaatlarning 1993 tasi qanoatlantirilgan,1516 tasi bo`yicha huquqiy tushuntirish berilgan.

Agentlik va uning hududiy tuzilmalari kelib tushgan murojaatlar tahlil qilinganda, ularning aksariyati o`zboshimchalik bilan qurilgan imoratga nisbatan mulk huquqini olish masalasidagi murojaatlarga to`g`ri kelganligi aniqlandi.

Bir martalik umumdavlat aksiyasi doirasida ko`chmas mulklarga nisbatan mulk huquqini e`tirof etish bo`yicha 229 ta shikoyat kelib tushgan bo`lib, ushbu murojaatlarning kelib chiqish sababi o`rganilganda mas`ul idoralarning ish hajmi ko`pligi, aynan ushbu tadbirga biriktirilgan xodimlarning kamligi, ayrim idoralarda hattoki kompyuter bilan ta`minlanmaganligi va internet tarmog`iga ulanmaganligi, shu bilan birga “Kadastr-2” axborot tizimiga integrasiya qilinmaganligi yoki aksariyat xodimlar ushbu tizimdan foydalanishni to`liq o`zlashtirmaganligi asosiy sabablardan biri bo`lmoqda.

Yuqoridagi kabi kamchiliklarni barataraf etish maqsadida tuman (shahar) Davlat xizmatlari markazlari bilan adliya bo`limlari hamkorligida viloyat-tuman komissiya a`zolariga turar joylarga nisbatan mulk huquqini e`tirof etish bo`yicha bir martalik umumdavlat aksiyasi mazmun-mohiyatini to`liq tushuntirish, shuningdek aholi gavjum bo`lgan joylar, savdo komplekslari, bozorlar, banklar, pensiya ta`minoti bo`limlari, kommunal xizmat ko`rsatish tashkilotlarida aholi ko`rishi mumkin bo`lgan kirish qismiga aksiya haqidagi e`lonlarni joylashtirish yuzasidan chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Hozirda “Mobil xizmatlar” tadbirlari davomida mahalla faollari bilan birgalikda aholiga bir martalik umumdavlat aksiyasining afzalliklarini tushuntirish bo`yicha targ`ibot ishlari ham olib borilmoqda.

Komissiya a`zolarini “Kadastr xizmati – 2.0” tizimi bilan ishlash bo`yicha malakasini oshirish yuzasidan vakolatli idoralar tomonidan tasdiqlangan grafik asosida o`qitishni, komissiya a`zolarini ushbu tizimga to`liq ulanishini ta`minlash hamda xizmatni amalga oshirish bo`yicha mas`ul xodimni belgilangan tartibda biriktirish bo`yicha chora-tadbirlar belgilandi.

Shuningdek, ushbu aksiya doirasida qonunbuzilishlarga yo`l qo`ygan mas`ul shaxslarga nisbatan 1294 ta ta`sir choralari qo`llanildi. Xususan, 238 ta taqdimnoma, 403 ta ogohnoma kiritildi va 653 nafar shaxslarga nisbatan ma`muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi.

Qo`llanilgan choralar natijasida 907 nafar shaxslar javobgarlikka tortildi. Shundan, 19 nafari egallab turgan lavozimidan ozod etildi. 651 nafar shaxslar ma`muriy javobgarlikka tortildi.

Davlat xizmatlari agentligi davlat xizmatchilarini hushyorlikka chorlaydi. Zero, davlat xizmatlari ko`rsatish tartibini buzgan har bir shaxsga nisbatan javobgarlik muqarrar!

    Boshqa yangiliklar