1

"Ipoteka bank" xodimiga 70 dan ortiq holat bo`yicha jinoiy ish ochildi

Jamiyat 08.01.2019, 16:04
"Ipoteka bank" xodimiga 70 dan ortiq holat bo`yicha jinoiy ish ochildi

Mamlakatimizda "mijoz bank uchun" tamoyili asosida amalga oshirilgan ishlar natijasida xizmat ko`rsatish sifati yaxshilanib, aholining banklarga bo`lgan ishonchi yanada ortmoqda. Ammo bank xodimi o`z zimmasiga yuklatilgan burchni unutib, omonatga xiyonat qilsa-chi?

To`lov kvitansiyalari bank dasturiga kirim qilinmasdan soxtalashtirilishi yoki to`langan pullar shaxsiy ehtiyoj uchun ishlatib yuborilishi ham mumkinmi? Farg`onada bank xodimi shunday jinoyatga qo`l urdi.

"Ipoteka bank" Farg`ona viloyati filialining 28-sonli jamg`arma kassasi nazoratchi kassiri lavozimida ishlagan Farhod Sobirov fuqarolar tomonidan to`langan mablag`larni bankka topshirmasdan, o`z ehtiyojlari uchun ishlatib yuborgan. Hujjatlarni soxtalashtirib, davlat mablag`ini talon- taroj qilib, nafsning kuyiga kirgan bu yosh xodim bugun afsus nadomatda, deb yozmoqda O`zA.

U o`zining ish faoliyati davomida Majburiy ijro byurosi Qo`shtepa tumani bo`limi davlat ijrochilari ish yurituvidagi ijro hujjatlari bo`yicha fuqarolar tomonidan to`lanishi lozim bo`lgan davlat boji va jarimalarni qabul qilar edi. Bankka kelayotgan pullarni ko`rib, F.Sobirov o`ziga yuklatilgan burch va mas`uliyatni unutdi. 71 ta holatda 30 million 311 ming 500 so`mlik pul mablag`larini fuqarolardan to`lov uchun qabul qilib, pullarni olgani to`g`risidagi kvitansiyalarini ikki nusxada rasmiylashtiradi. Qabul qilingan pullarni o`zining javobgarligiga olgani holda o`z mansab vakolatidan qasddan foydalanib, bankka topshirmasdan, shaxsiy ehtiyojlari uchun ishlatib, davlat byudjetiga to`lanishi lozim bo`lgan mablag`larni o`zlashtirish yo`li bilan talon-toroj qilgan.

Bundan tashqari, F.Sobirov o`zining jinoiy harakatlarini davom ettirib, ATIB “Ipoteka bank“ Farg`ona viloyati filialiga qarashli 28-sonli jamg`arma kassa shoxobchasi kassiri X.Boqijonova tomonidan o`ziga biriktirilgan bank muhri bosilgan holda Majburiy ijro byurosi Qo`shtepa tumani bo`limi davlat ijrochilari ish yurituvidagi ijro hujjatlari bo`yicha 7 ta holatda qabul qilib olingan 4 million 831 ming so`mlik pul mablag`larini imi-jimida o`zlashtirib yuborgan.

Xalqimizda birovning haqi buyurmaydi, degan naql bejiz aytilmagan. Majburiy ijro byurosi Farg`ona viloyati boshqarmasi mutaxassislari tomonidan Majburiy ijro byurosi Qo`shtepa tumani bo`limidagi ijro hujjatlaridagi to`lov hujjatlari o`rganilganda uning nojo`ya harakatlari aniqlandi. Jinoyat ishlari bo`yicha Qo`shtepa tumani sudining ochiq sud majlisida F.Sobirovga nisbatan jinoyat ishi ko`rib chiqilib, unga tegishli jazo tayinlandi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1