1

Uzoq masofaga sayohat qilganda bir transportdan boshqasiga o`tish qulaylashadi

Jamiyat 08.01.2019, 16:18
Uzoq masofaga sayohat qilganda bir transportdan boshqasiga o`tish qulaylashadi

Reyslarni (avtobus, avia- va temir yo`l) qulay tarzda bog`lovchi yo`l chiptalarini sotishni nazarda tutuvchi respublika transport tizimining yagona elektron portali tashkil etilmoqda. Bu O`zA saytida e`lon qilingan Prezidentning 5.01.2019 yildagi Farmoni va qarorida nazarda tutilgan.

Turizm infratuzilmasini rivojlantirish doirasida chora-tadbirlar kompleksi amalga oshirilishi rejalashtirilayotgani munosabati bilan portal tashkil etish masalasi dolzarb tus olmoqda. Temir yo`l, aviasiya va avtomobil transporti yordamida tashishlarni amalga oshiruvchi kompaniyalarning mahalliy va xalqaro reyslarini sezilarli darajada oshirish ko`zlashtirilmoqda.

O`zbekistonning logistika jozibadorligini tubdan yaxshilash, shuningdek mahalliy aeroportlarda parvozlarga xorijiy aviakompaniyalarni jalb etish ishlarini muvofiqlashtirish bo`yicha ishchi guruh tashkil etilmoqda, quyidagilar uning asosiy vazifalari etib belgilangan:

  • birinchi navbatda Evropa va Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari bilan tovar aylanmasi, tashiladigan yo`lovchilar soni va investisiyalarni ko`paytirish uchun respublikadagi transport aloqa tizimini tubdan yaxshilash;
  • «ziyorat» turizmi yo`nalishi orqali turistlar oqimini oshirish, shu jumladan, Indoneziyadan doimiy aviaqatnovlarni ochish uchun aviakompaniyalarni jalb qilish masalalarini tezkorlik bilan hal etish;
  • turistlar oqimini jalb qilish maqsadida parvozlarning strategik muhim yo`nalishlarini aniqlash;
  • mamlakat aeroportlarida yangi yo`nalishlarni yo`lga qo`yish maqsadida xorijiy tashuvchilar uchun moslashuvchan chegirma va preferensiyalar tizimini ishlab chiqish;
  • o`zaro bog`lovchi qatnovlarni, shu jumladan, «mavsumdan tashqari» davrda tashkil etish orqali uzoq magistral yo`nalishlarda yo`lovchilar sonini ko`paytirish;
  • xorijiy va mahalliy aviakompaniyalar bilan muzokaralar o`tkazish, shuningdek ularning takliflarini ko`rib chiqish va ularni aeroportlar bo`yicha to`g`ri taqsimlash;
  • charter reyslarini kelishish mexanizmini soddalashtirish;
  • mamlakatdagi ayrim aeroportlarda «Ochiq osmon» rejimini joriy etish;
  • mahalliy aviakompaniyalar tashkil etilishiga ko`maklashish maqsadida normativ-huquqiy bazani qayta ko`rib chiqish;
  • mamlakat ichkarisida intermodal tashuvlarni (avtobus, temir yo`l
  • va aviatashuvlar) ta`minlash uchun turistlarning transport tashuvini yanada rivojlantirish bo`yicha hujjatlarni ishlab chiqish;
  • aviakompaniyalar xarajatlarini kamaytirish va iste`molchilar uchun aviachiptalar narxini optimallashtirish;
  • mamlakat viloyatlari o`rtasidagi ichki aviatashuvlar yo`nalishlari sonini ko`paytirish;
  • xorijiy etkazib beruvchilardan aviakerosin sotib olish mexanizmini xarid jarayonida shaffoflik va raqobatni ta`minlagan holda takomillashtirish.

Bundan tashqari, shahar va shaharlararo yo`lovchi tashuvchi tadbirkorlik sub`ektlaridan mahalliy va xorijiy fuqarolarga mamlakat bo`ylab nomuntazam, shaharlararo yo`lovchi tashish uchun tegishli lisenziyaga ega avtobus yoki kichik avtobus xizmatlarini ko`rsatish uchun qo`shimcha lisenziya olish talablari bekor qilindi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1