AsosiyJamiyat

Sektor rahbarlari faoliyatini baholash tizimi joriy etiladi ​va yil yakunida rag`batlantiriladi

'Sektor rahbarlari faoliyatini baholash tizimi joriy etiladi ​va yil yakunida rag`batlantiriladi'ning rasmi

Hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo`yicha sektorlar faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risidagi Prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining "Huquqiy axborot" kanali xabar berdi.

Qaror bilan Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar hamda tumanlar (shaharlar) hududlarini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo`yicha sektorlar shtabi tarkibiga kiritiladigan idora va tashkilotlarning namunaviy ro`yxati tasdiqlandi.

Mazkur ro`yxatga, hokimliklar, prokuratura, ichki ishlar, soliq, moliya organlari va boshqa bir qator davlat idoralari kiritildi.

Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha ahvolini o`rganishning yangi mexanizmlarini joriy etish bo`yicha komissiyaga bir qator qo`shimcha vazifalar yuklandi.

Xususan, Komissiya sektorlarning “tuman (shahar) – viloyat – respublika” tamoyili asosida ularga amaliy va uslubiy yordam ko`rsatish hamda faoliyatini nazorat qilish bo`yicha hokimliklar, prokuratura, ichki ishlar va soliq organlarida vertikal boshqaruv tizimini joriy etadi.

2019 yil 1 fevraldan quyidagilar joriy etiladi:

  • sektorlar shtabiga kiritilgan idora va tashkilotlarning har bir sektor bo`yicha mas`ul xodimlari sektor rahbari bilan kelishilgan holda biriktiriladi va almashtiriladi;
  • sektor rahbari boshchilik qiladigan idoradan sektor shtabi kotibi sifatida alohida xodim biriktiriladi;
  • tumanlar (shaharlar) sektorlari rahbarlari haftada kamida bir marotaba, hududiy sektor rahbarlari esa oyda kamida ikki marotaba joylarga chiqqan holda qabullar o`tkazadi.

2019 yil 1 apreldan respublika bo`yicha yagona elektron axborot tizimi joriy etiladi.

Mazkur elektron tizimga uyma-uy yurish, o`tkazilgan suhbatlar, kelib tushgan murojaatlar natijasida aniqlangan muammolar va ularning hal etilganligi to`g`risidagi ma`lumotlar hamda boshqa ma`lumotlar kiritiladi.

Barcha sektorlar rahbarlari respublika axborot tizimiga ma`lumotlarning o`z vaqtida va to`liq kiritib borilishi uchun shaxsan mas`uldir.

Qarorga muvofiq, sektor rahbarlari faoliyatini baholash tizimi joriy etiladi hamda yil yakunlariga ko`ra yuqori ko`rsatkichlarga erishgan sektorlarni rag`batlantirish maqsadida “Eng namunali sektor”, “Eng tashabbuskor sektor rahbari”, “Eng faol sektor shtabi a`zosi” nominasiyalari bo`yicha respublika tanlovi o`tkaziladi.

Bunda baholash natijasiga ko`ra, eng yuqori ko`rsatkichga erishgan 2 nafar sektor rahbari avtotransport vositasi bilan taqdirlanadi, sektorlar faoliyatini namunali tashkil etgan rahbarlar va uning ishida faol qatnashgan boshqa shtab a`zolari qimmatbaho sovg`alar bilan mukofotlanadi.

Shu bilan birga, faoliyati samarasiz deb baholangan sektor rahbarlariga nisbatan egallab turgan lavozimidan ozod etishgacha bo`lgan intizomiy jazo choralari qo`llaniladi.

    Boshqa yangiliklar