O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev raisligida 8 yanvar kuni joriy yilgi investisiya loyihalarini amalga oshirishni jadallashtirish masalalariga bag`ishlangan videoselektor yig`ilishi bo`lib o`tdi.
Unda hukumat a`zolari, Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesi Raisi, Toshkent shahri va viloyatlar hokimlari, mamlakatimizning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari ishtirok etdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Faol investisiya siyosati – barqaror iqtisodiy rivojlanishga erishishning eng muhim shartlaridan biridir. Shu bois davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 2019 yil mamlakatimizda “Faol investisiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” deb e`lon qilindi.
2019 yilgi Investisiya dasturiga 16,6 milliard dollarlik 3 mingdan ziyod loyiha kiritilgan. Bu 2018 yildagiga nisbatan 16 foiz ko`pdir. Jumladan, joriy yilgi Investisiya dasturi doirasida umumiy qiymati 3,2 milliard dollar bo`lgan 140 ta ishlab chiqarish quvvatini foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.
Videoselektorda mazkur yirik va muhim loyihalarni o`z muddatida va sifatli amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, xorijiy davlatlar va investorlar bilan faol ish olib borilayotgani natijasida jami investisiyalarning 25 foizini to`g`ridan-to`g`ri chet el sarmoyalari tashkil etmoqda. Xususan, joriy yilda shunday investisiyalar ishtirokidagi 320 ta loyiha doirasida 4,2 milliard dollar o`zlashtirilishi ko`zda tutilgan.
Prezident to`g`ridan-to`g`ri xorijiy investisiyalar ishtirokidagi loyihalarni so`zsiz amalga oshirish, chet ellik investorlarga har tomonlama yordam berish hukumatning eng muhim vazifasi bo`lishi kerakligini ta`kidladi. Investisiyalarning asosiy qismini o`zlashtirishni yilning oxirgi oylariga qoldirish amaliyotiga chek qo`yib, barcha tarmoqlar va hududlarda buni birinchi yarim yillikda kamida 35 foizga, to`qqiz oylikda 70 foizga etkazish zarurligi qayd etildi.
Bu boradagi vazifalar Vazirlar Mahkamasi komplekslari bo`yicha tahlil qilindi. Xorijiy investisiyalar ulushi avvalgi yildagiga nisbatan kamaygan, mablag`larni o`zlashtirish sust tashkil etilgan soha va tarmoqlar ko`rsatib o`tildi. Yil oxiriga qadar qo`shimcha sarmoyalarni jalb qilish, ularni to`g`ridan-to`g`ri xorijiy investisiyalarga talab yuqori bo`lgan soha va hududlarga yo`naltirish, ushbu resurslarning o`zlashtirilishini nazoratga olish bo`yicha topshiriqlar berildi.
Yig`ilishda to`g`ridan-to`g`ri xorijiy investisiyalar hisobiga hududiy loyihalarni amalga oshirish masalasiga alohida e`tibor qaratildi.
Shunday ishlar natijasida o`tgan yili 1 milliard dollardan ziyod investisiyalar o`zlashtirilgan, 133 ta yangi korxona ishga tushirilgan. Biroq, hokimlar va ularning investisiya bo`yicha o`rinbosarlari ishni tashkil etishda kamchiliklarga yo`l qo`ygani oqibatida Toshkent shahri, Qoraqalpog`iston Respublikasi, Samarqand, Andijon, Farg`ona, Namangan, Surxondaryo, Sirdaryo viloyatlarida ayrim ob`ektlar foydalanishga topshirilmay qolgan.
Davlatimiz rahbari bu loyihalarda yuzaga kelgan muammolarni bartaraf etish bo`yicha tarmoq jadvallari ishlab chiqish va ijrosini nazoratga olish yuzasidan topshiriq berdi.
Joriy yilda to`g`ridan-to`g`ri investisiyalar ishtirokida 209 ta hududiy loyiha amalga oshirilib, 1,9 milliard dollar yoki o`tgan yildagiga nisbatan 2 barobar ko`p mablag` o`zlashtirilishi rejalashtirilgan. Yig`ilishda shu va mamlakatimiz elchilari ko`magida shakllantirilgan qo`shimcha loyihalarni amalga oshirish uchun har bir hududga respublika idoralari rahbarlari mas`ul etib biriktirildi.
Endilikda hududlar va tarmoqlarda to`g`ridan-to`g`ri xorijiy investisiyalar ishtirokidagi loyihalar ko`lamini kengaytirish, ularni amalga oshirishda qat`iy nazorat mexanizmini o`rnatish uchun yangi tizim tashkil etilishi ma`lum qilindi. Unga muvofiq:
birinchi – viloyat hokimlari har haftada bittadan tuman yoki shaharga borib, elchilar bilan aloqa o`rnatgan holda, u erga to`g`ridan-to`g`ri xorijiy investisiyalarni jalb qilish bo`yicha ishlarni tashkil qiladi. Xuddi shunday, tarmoq rahbarlari ham har haftada bitta viloyatga borib, o`sha joydagi korxonalari bilan birga amaldagi loyihalarni bajarish va qo`shimcha investisiya loyihalari bo`yicha ish olib boradi. Bosh vazir va uning o`rinbosari elchilar ishtirokida hududlar va tarmoqlarga jalb qilingan xorijiy investisiyalarni o`zlashtirish holatini muntazam muhokama qilib boradi. Natijalariga qarab, hokimlar va tarmoqlar rahbarlari rag`batlantiriladi yoki ularga nisbatan ish haqining 50 foizi miqdorida jarima qo`llanadi.
Hududlarga biriktirilgan respublika idoralari rahbarlari viloyat hokimlari va elchilar bilan birgalikda har bir tuman (shahar)da to`g`ridan-to`g`ri xorijiy investisiyalar ishtirokidagi loyihalar holatini o`rganib, ularning ijrosini jadallashtirish bo`yicha aniq choralar ko`radi. Shuningdek, qo`shimcha loyihalar bo`yicha takliflar ishlab chiqib, xorijiy investorlarni jalb qiladi.
Ikkinchi – Investisiya qo`mitasi hududlar va tarmoqlarning investisiya loyihalari bo`yicha takliflarini umumlashtirib, samaradorligini baholaydi va yagona elektron “onlayn” bazani shakllantiradi.
Uchinchi – Tashqi ishlar vazirligi hamda hududlarga biriktirilgan elchilar yagona elektron bazaga kiritilgan loyihalarga xorijiy investorlarni jalb etadi.
To`rtinchi – Vazirlar Mahkamasi saralab olingan istiqbolli loyihalarni amalga oshirish uchun xorijiy investorlar bilan tegishli kelishuvlarni rasmiylashtirib, ijrosini nazoratga olish bo`yicha “yo`l xaritalari”ni tasdiqlaydi.
Prezident Shavkat Mirziyoev yangi loyiha takliflariga investorlarni jalb qilishni yanada faollashtirish uchun har yili barcha hududlarda kamida bir marotaba xorijiy sarmoyadorlar ishtirokida investisiya forumlari o`tkazish, shuningdek, xorijdagi yirik xalqaro investisiya forumlarida respublikamiz tadbirkorlari ishtirokini ta`minlash zarurligini ta`kidladi. Investisiya qo`mitasi, Tashqi ishlar vazirligiga joriy yilda hududlarda tashkil etiladigan investisiya forumlari reja-jadvallarini shakllantirish bo`yicha ko`rsatmalar berdi.

– Eng muhimi, investisiya loyihalarini to`g`ri joylashtirish kerak. Bu borada investorlarning yagona talabi – loyiha mo`ljallangan joy zarur infratuzilma tarmoqlariga ega bo`lishidir. Shuning uchun, kecha urbanizasiya jarayonini takomillashtirish bo`yicha Prezident qarorini qabul qildik. Bundan asosiy maqsad – infratuzilmasi mavjud va rivojlanishi qulay bo`lgan joylarga investorlar jalb qilish orqali sanoatni tizimli rivojlantirishga erishamiz. Sanoat bor joyda ish o`rinlari va daromad bo`ladi, uy-joylar va ijtimoiy ob`ektlar, kichik shaharchalar barpo etiladi, – dedi Shavkat Mirziyoev.
Videoselektor yig`ilishida yana bir muhim masala – xorijiy investorlar loyihasini davlat tomonidan qo`llab-quvvatlash masalasi muhokama qilindi. Xalqaro tajribadan kelib chiqqan holda, xorijiy investorlarni qo`llab-quvvatlash jamg`armasini tashkil etish vazifasi qo`yildi.
Mamlakatimiz tijorat banklari joriy yilda xorijiy banklarning jami 740 million dollar miqdoridagi to`g`ridan-to`g`ri kreditlarini jalb qilishi rejalashtirilgan.
Yig`ilishda uzoq muddatli, past foizli to`g`ridan-to`g`ri xorijiy kredit resurslarini jalb etish ishlarini kuchaytirish lozimligi ta`kidlandi.
To`g`ridan-to`g`ri investisiyalar ishtirokida ishonchli loyihalar portfelini shakllantirib borish tizimini yaratish masalasi ham muhokama qilindi.
Joriy yilda 84 ta loyiha doirasida xalqaro moliya institutlari va donorlarning 2,7 milliard dollar mablag`ini o`zlashtirish ko`zda tutilgan. Yig`ilishda bu loyihalar Vazirlar Mahkamasi komplekslari kesimida tahlil qilinib, ularni o`z muddatida va sifatli amalga oshirish bo`yicha chora-tadbirlar belgilab berildi.
Bundan tashqari, 2 ming 800 ta ijtimoiy soha va infratuzilma ob`ektlarini qurish va ta`mirlash rejalashtirilgan. Davlatimiz rahbari xalqimizning hayot sifatiga daxldor bu masalaga alohida e`tibor qaratib, maktabgacha ta`lim muassasalari, maktablar, sog`liqni saqlash ob`ektlari, yo`llar, ichimlik suvi tarmoqlarini qurish va rekonstruksiya qilish bo`yicha belgilangan ishlarni jadallashtirish zarurligini ta`kidladi.
Videoselektorda Investisiya dasturiga kiritilgan loyihalar ijrosini tashkil etish yuzasidan ko`rilayotgan choralar haqida hukumat a`zolari, vazirlik va idoralar, xo`jalik birlashmalari rahbarlari va viloyat hokimlarining hisoboti tinglandi.






