Ijtimoiy tarmoqlarda “Soliq qarzini jismoniy shaxslarning bank plastik kartalaridan so`zsiz undirish tartibi to`g`risida”gi Nizom loyihasi keng jamoatchilik o`rtasida keskin bahs-munozaralarga sabab bo`ldi, deb xabar bermoqda Davlat soliq qo`mitasi matbuot xizmati.
Hujjat loyihasida qarzdor jismoniy shaxslarning soliq qarzi bank plastik kartalaridan oyiga eng kam oylik ish haqining ikki baravaridan ko`p bo`lmagan miqdorda so`zsiz undirib olinishini nazarda tutilishi e`tirozlarni keltirib chiqardi.
Mazkur qaror loyihasi bo`yicha keng jamoatchilik tomonidan bildirilgan e`tiroz va takliflar o`rganilganda, loyiha puxta tayyorlanmaganligi, Davlat soliq qo`mitasi rahbariyatining takliflari va tavsiyalarini inobatga olinmasdan hamda kelishilmasdan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga joylashtirilganligi aniqlangan.
Nizom loyihasini ishlab chiqish bo`yicha Davlat soliq qo`mitasi rahbariyatining dastlabki muhokamasida jismoniy shaxslarga qulaylik yaratish maqsadida:
- o`z majburiyatlarini bajarishlarida servis xizmatini ko`rsatish;
- davlat soliq inspeksiyasiga tashrif buyurmasdan soliqlarni to`lash imkoniyatini yaratish;
- ularning yozma roziligi (kelishuv) asosida plastik kartalaridan har oyda kelishilgan mablag`larni soliq to`lashga yo`naltirish nazarda tutilishi belgilangan edi.
Ammo, Nizom loyihasida yuqoridagi norma qayd etilmaganligi aniqlanib, loyihani ishlab chiqilishida yo`l qo`ygan kamchiliklar va mas`uliyatsizligi uchun Davlat soliq qo`mitasining mas`ul boshqarma boshlig`i egallab turgan lavozimidan ozod etilgan.
Davlat soliq qo`mitasi tomonidan Nizom loyihasi qaytadan ko`rib chiqilmoqda hamda unda jismoniy shaxslarning bank kartalaridan mablag`larni undirish faqatgina ularning roziligi asosida amalga oshirilishi belgilanadi.






