Germaniyaning Frankfurt shahrida an`anaviy “Heimtextile 2019“ xalqaro uy to`qimachilik mahsulotlari ko`rgazmasi bo`lib o`tmoqda. Unda 135 mamlakat vakillari qatorida O`zbekistonning to`qimachilik sohasi mutaxassislari ham ishtirok etmoqda.
Ko`rgazma pavilonlaridan “O`zto`qimachiliksanoat“ uyushmasi korxonalari, xususan, Xorazm viloyatidagi “Bahmal Group” kompaniyasi mahsulotlari ham joy olgan. Unda ishtirok etayotgan “Bahmal Group” kompaniyasi direktori Bahodir Ahmedov bu haqda O`zAga xabar berdi.

– An`anaviy ko`rgazmada ikkinchi bor qatnashyapmiz, – dedi u. – O`tgan yilgi ishtirokimizdan so`ng Polsha, Chexiya, Boltiqbo`yi davlatlariga bir million dollarga yaqin mahsulotlarimizni eksport qilishga muvaffaq bo`ldik. Bu yil o`tgan yilgidan-da yuqori natijalarni kutayapmiz. Hozir tadbir jarayonida Germaniya, Vengriya, Chexiya, Xorvatiyadan qatnashayotgan vakillar bilan muzokaralar olib borayapmiz. Yana shuni alohida aytish kerakki, O`zbekistonda ishlab chiqarilgan to`qimachilik mahsulotlariga Evropa davlatlaridan katta qiziqish bildirilmoqda. Mahsulotlarimizning yuz foiz paxtadan bo`lgani, boshqa davlatlarga nisbatan arzon va sifati ham talabga mosligi bunga asosiy sababdir. Mazkur nufuzli tadbir nafaqat xorijliklar bilan hamkorlikni yo`lga qo`yish, balki jahon bozoriga chiqish uchun taniqli dizaynerlarning ilmiy-amaliy ishlarini o`rganish, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar ranglarini tanlashda ular tavsiyasini amaliyotga tatbiq etishda juda muhim.
Tashkil etilayotgan shunday xalqaro tadbirlar samarasida bugun O`zbekiston mahsulotlari Xitoy, Turkiya, Hindiston, Pokiston mamlakatlari mahsulotlari bilan bemalol raqobatlasha oladi. Endigi reja esa mahsulotlarimizning Evropa bozoridan o`rnini egallashishiga erishishdir.

Ma`lumot o`rnida, “Bahmal Group“ kompaniyalar guruhi yurtimizdagi eng yirik to`qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxonalardan biridir. 2005 yilda faoliyatini boshlagan kompaniyaning bosma va bo`yalgan matolar ishlab chiqarish quvvati yiliga 53 million metrni tashkil etadi. Shu bilan birga, ushbu kompaniyalar guruhi to`shak, oshxona sochiqlari, ro`molcha, ko`ylak kabi mahsulotlarni ishlab chiqaradi. Kompaniya ISO 9001 va muvofiqlik sertifikatiga ega. Uning mahsulotlari Rossiya, Chexiya, Estoniya, Polsha, Ukraina, Litva kabi davlatlarga eksport qilinmoqda.
“Heimtextile 2019“ xalqaro uy to`qimachilik mahsulotlari ko`rgazmasi ertaga ham o`z ishini davom ettiradi.






