1

Ko`chmas mulk ijara shartnomalari davlat soliq xizmati organlarida qanday hisobga qo`yiladi?

Jamiyat 09.01.2019, 17:00
Ko`chmas mulk ijara shartnomalari davlat soliq xizmati organlarida qanday hisobga qo`yiladi?

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 25 maydagi PQ-3741-sonli qaroriga asosan 2019 yil 1 yanvardan boshlab ijara shartnomalarini davlat soliq xizmati organlarida majburiy hisobga qo`yish tartibi o`rnatildi va ko`chmas mulkni ijaraga berish shartnomalarini majburiy notarial tasdiqlash talabi bekor qilindi.

Shunga asosan Davlat soliq qo`mitasining qaroriga muvofiq, “Ko`chmas mulk ijara shartnomalarini davlat soliq xizmati organlarida majburiy hisobga qo`yish tartibi” ishlab chiqildi.

Ushbu Tartibga asosan ko`chmas mulk ijara shartnomalarini davlat soliq xizmati organlarida hisobga qo`yishning sodda tizimi yaratildi.

Endilikda ijaraga beruvchi va ijaraga oluvchi o`rtasida ikki tomonlama shartnoma tuzilishi va u davlat soliq xizmati organlarida hisobga qo`yilishi lozim.

Shartnomani hisobga qo`yish uchun davlat soliq xizmati organlari tomonidan hech qanday haq olinmaydi.

Hisobga qo`yish ikkita usulda amalga oshiriladi.

1. Davlat soliq qo`mitasining my.soliq.uz elektron soliq xizmatlari portalidagi soliq to`lovchining shaxsiy kabinetiga joylashtirilgan “Ijara shartnomalarini hisobga olish” interaktiv xizmati orqali yoki davlat soliq xizmati organlariga bormagan holda.

2. Jismoniy shaxsning doimiy yashash, yuridik shaxsning davlat ro`yxatidan o`tgan joyidagi davlat soliq inspeksiyasiga tashrif buyurgan holda.

2019 yil 1 yanvardan boshlab fuqarolarga va tadbirkorlik sub`ektlariga qulaylik yaratish maqsadida Davlat soliq qo`mitasining my.soliq.uz portalida “Ijara shartnomalarini hisobga olish” interaktiv xizmati joriy qilindi va bu xizmatdan tunu kun davomida foydalanish imkoniyati yaratildi.

Ijara jadval 1.jpg

Buning uchun ijaraga beruvchida elektron raqamli imzo (ERI) mavjud bo`lishi hamda ushbu xizmatdan foydalangan holda hisobga qo`yish bo`yicha SO`ROVNOMAni to`ldirib, unga o`zining pasporti nusxasi hamda ijara shartnomasining elektron (skaner qilingan) shaklini biriktirib “Jo`natish” tugmasini bosish kifoya.

Ya`ni, shartnomani davlat soliq xizmati organlarida hisobga qo`yish uchun atigi 2 ta hujjat talab qilinadi xolos.

Yana bir e`tiborli jihati shundaki, “Ijara shartnomalarini hisobga olish” interaktiv xizmatiga elektron raqamli imzo orqali kirilganligi uchun So`rovnomaning ijaraga beruvchiga tegishli bandlari avtomatik tarzda to`ldiriladi.

Ijara jadval 2.jpg

Ijara shartnomasi hisobga qo`yilgandan keyin ijaraga beruvchiga shartnoma hisobga qo`yilganligi to`g`risida Bildirishnoma va joriy yil uchun hisoblangan daromad solig`ini to`lash bo`yicha to`lov xabarnomasi taqdim etiladi.

Natijada ko`chmas mulkni ijaraga berishdan olingan daromadlar bo`yicha dastlabki deklarasiyani taqdim etish talab etilmaydi.

Ushbu xizmatdan foydalanishda qandaydir savollar paydo bo`lsa, xizmatning o`ng tomon tepa qismida joylashgan telefon raqamlari orqali davlat soliq inspeksiyasining yoki davlat soliq boshqarmasi va Davlat soliq qo`mitasining mutaxassislariga qo`ng`iroq qilib, batafsil tushuntirishlar olishingiz mumkin. Biz sizga ko`maklashishdan mamnunmiz.

Davlat soliq qo`mitasi

Jamoatchilik bilan aloqalar

va huquqiy axborot bo`limi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1