1

​Xalq ta`limi vazirligi ikkita viloyat hududiy rahbarlari lavozimlariga bo`sh ish o`rinlarni e`lon qildi

Jamiyat 10.01.2019, 12:11
​Xalq ta`limi vazirligi ikkita viloyat hududiy rahbarlari lavozimlariga bo`sh ish o`rinlarni e`lon qildi

O`zbekiston Respublikasi Xalq ta`limi vazirligi Jizzax va Qashqadaryo viloyatlaridagi viloyat xalq ta`limi boshqarmalari boshliqlari vakant lavozimlariga bo`sh ish o`rinlarini e`lon qildi.

Ta`kidlash joizki, O`zbekiston Respublikasi Xalq ta`limi vazirligi ushbu lavozimlarga birinchi marta ochiq tanlov o`tkazmoqda. Avvallari xalq ta`limi boshqarmalari boshliqlarini tayinlash tizimi shaffof emasligi bois bir qancha savollar yuzaga kelar edi.

Jizzax va Qashqadaryo viloyatlari xalq ta`limi boshqarmalari boshliqlari lavozimlariga bo`sh o`rinlari O`zbekiston Respublikasi Xalq ta`limi vazirligining rasmiy (http://ish.uzedu.uz) saytida e`lon qilindi. Ushbu bo`lim xalq ta`limi sohasida AKTni rivojlantirish markazi va vazirlikning Xodimlar bilan ishlash boshqarmasi mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan va 2018 yil dekabr oyining ikkinchi o`n kunligida ishga tushirilgan.

Hozirda ish.uzedu.uz saytiga tashrif buyuruvchilar Toshkent shahridagi maktablar, xalq ta`limi boshqarmalari, shuningdek Xalq ta`limi vazirligining respublika tashkilotlaridagi bo`sh ish o`rinlari bilan tanishishlari mumkin. Sinov muvaffaqiyatli yakunlangach, mazkur tizim O`zbekistonning barcha hududlarida bosqichma-bosqich joriy etiladi.

Bo`sh ish o`rinlarini ochiq e`lon qilinishi nomzodlarning ma`lumotlar bazasini yaratishga hamda eng yaxshi nomzodlarni tanlab olishga imkon beradi.

Xalq ta`limi vazirligining Xodimlar bilan ishlash boshqarmasi boshlig`i Aziz Karimov bu haqda shunday deydi: «Ayni paytda Xalq ta`limi vazirligi tomonidan tizimdagi barcha jarayonlarning oshkoraligini ta`minlash ustida ish olib borilmoqda. Bo`sh ish o`rinlarining jamoatchilikka ochiq e`lon qilinishi orqali nomzodlar tanlashda raqobat kuchaytiriladi. Bu esa o`z navbatida malakali mutaxassislarni tanlash imkoniyatini yuzaga keltiradi».

Qayd etish kerakki, O`zbekiston Respublikasi Xalq ta`limi vazirligi oldiga o`qituvchilarni tanlash, tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish bo`yicha ilg`or va oshkora tashkiliy-huquqiy mexanizmlarni yo`lga qo`yish orqali xalq ta`limi tizimida kadrlar siyosatini shakllantirishning zamonaviy tamoyillarini joriy etish vazifasi topshirilgan. Ayni vaqtda Xodimlar bilan ishlash boshqarmasi mazkur tizimni takomillashtirish bo`yicha ish olib bormoqda.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1