1

Shavkat Mirziyoev: Odamlar zamonaviy sharoitga ega uylarda yashashi kerak

Jamiyat 11.01.2019, 14:31
Shavkat Mirziyoev: Odamlar zamonaviy sharoitga ega uylarda yashashi kerak

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev Samarqand shahri Qorasuv massivida qurilayotgan zamonaviy aholi massivini borib ko`rdi, deb xabar bermoqda Prezident matbuot xizmati.

Samarqand shahri aholisining uy-joyga ehtiyoji yuqoriligini inobatga olib, 2018 yilgi dasturga qo`shimcha ravishda ko`p qavatli arzon uylar qurish kiritilgan edi.

2018 yilning o`zida jami 1 ming 344 xonadondan iborat 32 ta 7 qavatli ko`p qavatli arzon uy barpo etildi. Bundan tashqari, Mudofaa, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Milliy gvardiya xizmatchilari va yosh oilalarga mo`ljallangan 5 qavatli 12 ta turar joy qurib, foydalanishga topshirildi.

Shu bilan birga, hududda xususiy bog`cha, shahar ichki ishlar bo`limi, savdo va maishiy xizmat majmuasi, “Registon” supermarketi qurib bitkazildi. 540 o`rinli umumta`lim maktabi qurilishi yakunlanmoqda.

Shu tariqa bu erda qisqa fursatda zamonaviy aholi massivi qad rostladi. Yangi uylarda odamlarning hayotdan rozi bo`lib yashashi uchun barcha qulayliklar e`tiborga olingan.

Davlatimiz rahbari Jasur Tursunqulov va Jamshid Kattaqulovlar oilalari ko`chib kirgan yangi xonadonlarni kirib ko`rdi, uy sohiblari bilan suhbatlashdi.

Shu erda Qorasuv massivida 2019 yilda foydalanishga topshiriladigan uylar loyihalari, jumladan, “Agromir bildings” kompaniyasi tomonidan Turkiyaning zamonaviy texnologiyasi asosida monolit usulida barpo etilayotgan ko`p qavatli turar joylar taqdimotlari o`tkazildi.

Prezidentimiz turar-joylar qurilishining odamlar hayotidagi, hudud infratuzilmasidagi ahamiyatiga to`xtaldi.

– Samarqand turizm markazi bo`lishi kerak. Shuning uchun bu erda ko`p qavatli uylar qurilishini ko`paytiramiz. Shahar markazida eng zamonaviy talablarga javob beradigan uylar qurilib, aholini ta`minlaymiz. Uylarni qurishdan oldin uning egasi, qaysi qavatda, necha xonali uyda yashashigacha aniq bo`lishi lozim, – dedi davlatimiz rahbari.

Samarqand seysmik jihatdan ham qulay hududda joylashgani bois kelajakda viloyatning Kattaqo`rg`on, Urgut, Paxtachi, Narpay, Qo`shrabot tumanlari markazlarida ham ko`p qavatli uylar qurilishi zarurligi ta`kidlandi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1