AsosiyJamiyat

Toshkentda mobil konstruksiyali ko`chma kitob do`konlari o`rnatilmoqda

'Toshkentda mobil konstruksiyali ko`chma kitob do`konlari o`rnatilmoqda'ning rasmi

O`zbekiston matbuot va axborot agentligi tashabbusi bilan respublika hududlarida hamyonbop narxda savdo yuritiluvchi ixcham kitob do`konlari o`rnatiladi. Birinchi bosqichda Toshkent shahrining 20 ta bozorida shunday turdagi kitob do`konlarini joylashtirish rejalashtirilgan. Bu haqda O`zMAAning «Telegram»dagi rasmiy kanalida xabar berilgan.

Aytilishicha, ularda 2500 tagacha kitob joylashtiriladi. Do`konlar haftada 6 kun, soat 9:00 dan 20:00 gacha ishlaydi. Savdolar naqd, terminal, shartnoma asosida amalga oshiriladi. Do`konda kitobdan tashqari 200 turdan ortiq davriy matbuot nashrlarini o`z ichiga olgan savdo burchagi tashkil etiladi.

“O`zdavkitobsavdota`minot” mas`uliyati cheklangan jamiyati hamkorligida yo`lga qo`yilgan ushbu loyihaning afzalligi uning mobil konstruksiyasidir. Bu do`konni istalgan vaqtda boshqa joyga oson ko`chirish va yig`ish mumkin.

Umumxalq bayramlari, ommaviy tadbirlar o`tkaziladigan sayilgohlar va aholi gavjum bo`lgan boshqa joylarda hududiy hokimlik vakillari bilan kelishilgan holda o`rnatiladi.

“Kitob do`koni ko`chma bo`lgani sababli erga egalik huquqi berilmaydi va kadastr hujjatlari talab qilinmaydi, – deydi “O`zdavkitobsavdota`minot” MChJ direktori Shahzod Nazarov. – Soliq organlaridan ro`yxatdan o`tkazilib, kassa apparatlari va terminallar o`rnatiladi, xolos”.

Poytaxtning har bir tumanida va viloyat markazlarida – jami 250 ta do`kon joylashtiriladi. Shundan 50 tasi 2019 yil oxiriga qadar o`rnatiladi. Hozir Shayxontohur tumanida (“O`zbekiston” nashriyoti oldida) va Olmazor tumanida (Tansiqboev bozori qarshisida) namunaviy turdagi do`konlar faoliyat olib bormoqda.

Zamonaviy dizaynga ega mazkur do`kon peshtaxtalaridan davlat va xususiy nashriyotlarda chop etilgan, davlat standartlariga javob beradigan, saviyali va mazmunli kitoblar o`rin oladi.

    Boshqa yangiliklar