Toshkentning Chilonzor tumanida joylashgan «PET» kapsula ishlab chiqarish tarmog`ida ro`y bergan moliyaviy qing`irliklarga yo`l qo`yilgani aniqlandi. Bu haqda «Birja» gazetasi xabar bermoqda.
Soliq tekshiruvi davomida ushbu shoxobchaning ombor mudiri mahsulotlar sotuvidan tushgan, lekin tegishli tartibda nazorat-kassa mashinasidan o`tkazilmagan 6,936 million so`m miqdoridagi mablag`ni o`z xizmat xonasida saqlab kelayotgani ma`lum bo`lgan. Bundan tashqari, shoxobchada yashirincha to`ldirilgan ikkilamchi buxgalteriya daftari topilgan.
«Uni sinchiklab o`rganish natijasida jami 56,801 million so`m hamda o`zbek pulida yozilib, AQSh valyutasiga aylantirilgan 26 ming 345 dollar miqdoridagi mablag` bank muassasasiga inkassasiya qilinmay, o`zlashtirib yuborilgani, shuningdek, biron-bir hujjatsiz ishga qabul qilingan besh nafar xodimga 39,4 million so`m pul «konvert» usulidagi maosh sifatida tarqatilgani ham ma`lum bo`ldi», – deyiladi gazeta xabarida.
«Jinoyatchilar tegishli tartibda jazoga tortildilar», – deb yozgan «Birja», qoidabuzarlarga nisbatan aynan qanday jazo qo`llanilganiga aniqlik kiritmagan.





