Hindiston Tadbirkorlik instituti (Indian Institute of Entrepreneurship, IIE) 2015 yilda O`zbekistonda bandlik markazlarini ochadi. Bu haqda The Times of India nashriga tayanib, UzDaily xabar berdi.
IIE vakili Sanjay Palning aytishicha, Institut 2004 yilda O`zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga mamlakatda Bandlik markazi ochishni taklif qilgan. U o`zbek tomoni loyihani ma`qullaganini va birinchi markazni ochish bo`yicha ishlar boshlanganini ta`kidladi.
Ilk markaz 2015 yil aprelida ochiladi. U IIEning Markaziy Osiyodagi dastlabki bunday markazi bo`ladi. Institut bungacha Laos, Kamboja, Vetnam va Myanmada ham shunday markazlar ochgan.
Markazlarda o`qitish yangi korxonalar yaratish va biznes yuritish bo`yicha yangi imkoniyatlarni aniqlash bo`yicha dasturlarni o`z ichiga oladi. Birinchi markaz Toshkentda ochiladi, so`ng ular Samarqand, Farg`ona va Sirdaryo viloyatlarida ham paydo bo`ladi.





