Andijon viloyatining Shahrixon tumanidagi Qal`acha mahallasida istiqomat qiluvchi Bahodir va Nilufarxon Sultonovlar oilasida uch egizak o`g`il dunyoga keldi. Bu haqda «Daryo» muxbiri Mirolim Isajonov xabar bermoqda.
Andijon viloyati perinatal markazi shifokorlari 10 yanvar kuni soat 12:40 va 12:45 lar orasida tug`ruqni muvaffaqiyatli amalga oshirdi. Hozirda onaning ham, egizaklarning ham ahvoli yaxshi. Ular shifokorlarning doimiy nazoratida.
- Bu xabarni eshitib judayam xursand bo`ldik, - deydi chaqaloqlarning buvisi Ra`noxon Burxonova. – Uch nafar farzandim bor. Birinchi nevaralarimning egizakligidan cheksiz shodmiz. Ularga Umar, Holid va Ali, deya ism qo`yishni niyat qilib turibmiz. Yurtimizdagi har bir oilada sog`lom va shirintoy o`g`il-qizlar o`yin-kulgisi yangrab tursin ilohim.
Eslatib o`tamiz, 2018 yilning 18 dekabrida Toshkentda ham uch egizak tug`ilgan, ularga Prezident sharafiga Shavkat, Miromon va Mirziyo ismlari qo`yilgandi. Bolalarning otasiga Prezident sovg`asi sifatida Cobalt mashinasi topshirildi.






