Namanganda O`zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 27 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan “Askar onalarini sharaflaymiz!” shiori ostida madaniy-ma`rifiy tadbir bo`lib o`tdi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.
Namangan viloyati hokimligi, viloyat xotin-qizlar qo`mitasi, mudofaa ishlari boshqarmasi hamda boshqa davlat va jamoat tashkilotlari hamkorligida Namangan Yoshlar markazida o`tkazilgan tantanali marosimda mamlakatimiz Qurolli Kuchlarida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar davlatimizning mudofaa salohiyatini oshirishga xizmat qilayotgani ta`kidlandi.

– Qurolli Kuchlar safida xizmat qilish, sarhadlarimiz daxlsizligini ta`minlash sharafli burch, – deydi viloyat hokimining o`rinbosari, xotin-qizlar qo`mitasi raisi I.Qo`chqorova. – Milliy armiyamizda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash yo`lida keng ko`lamli ma`naviy-ma`rifiy targ`ibot ishlari olib borilmoqda. Mazkur tadbir nafaqat yoshlar, balki ota-onalar uchun ham katta rag`bat vazifasini o`taydi.
Tadbirga taklif etilgan, ayni paytda armiya safida yigitlik burchini o`tayotgan askarlarning onalariga izzat-ikrom ko`rsatilib, ularga tashakkurnoma va qimmatbaho esdalik sovg`alari topshirildi.
– O`g`lim Mansurjon Navoiy viloyatida yigitlik burchini o`tamoqda, – deydi M.Jo`raeva. – Hozir bu erda farzandim sha`niga aytilgan iliq so`zlardan juda to`lqinlanib ketdim. O`g`lim xizmat qilayotgan harbiy qism komandirining tashakkurnomasi bilan taqdirlanishim ko`nglimni tog`dek ko`tardi.









