1

Berlinda O`zbekiston – Germaniya biznes-forumi samarali kechdi

Jamiyat 15.01.2019, 10:54
Berlinda O`zbekiston – Germaniya biznes-forumi samarali kechdi

Berlin shahrida 14 yanvar kuni O`zbekiston – Germaniya ishbilarmonlari biznes-forumi bo`lib o`tdi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.

O`zbekiston Respublikasi Investisiyalar bo`yicha davlat qo`mitasi va O`zbekiston Savdo-sanoat palatasi tomonidan Germaniya iqtisodiyoti Sharqiy qo`mitasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda ikki mamlakatning savdo, investisiya, bank-moliya, qurilish materiallari, qishloq xo`jaligi, konsalting, logistika, to`qimachilik, oziq-ovqat, kimyo, tog`-kon sanoati, xizmat ko`rsatish kabi tarmoqlar uchun mas`ul vazirlik va idoralari, kompaniya va konsernlari vakillari ishtirok etdi.

Forumda O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o`rinbosari – Investisiyalar bo`yicha davlat qo`mitasi raisi S.Xolmurodov, Germaniya iqtisodiyot va energetika vaziri o`rinbosari E.Frans, Evropa tiklanish va taraqqiyot bankining birinchi vise-prezidenti Yu.Rigterink, Xalqaro moliya korporasiyasi mintaqaviy direktori K.Fyulster qatnashdi.

O`zbekistonda Germaniyaning etakchi kompaniyalari bilan o`zaro manfaatli va uzoq muddatli sheriklikni rivojlantirishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Mamlakatimizda 130 dan ortiq germaniyalik ishbilarmonlar ishtirokidagi kompaniyalar faoliyati yo`lga qo`yilgan. Bular orasida "MAN", "Claas", "Lemken", "Knauf" kabi o`z sohasida etakchi bo`lgan ishlab chiqaruvchilar faoliyati e`tiborga molik.

Hamkorlik natijasida 2018 yilda mamlakatlarimiz o`rtasidagi savdo aylanmasi 770 million AQSh dollaridan ortdi. Bu 2017 yilga nisbatan 24,5 foiz ko`p. Birgina oziq-ovqat mahsulotlari eksportida o`tgan yili 44,6 foiz o`sish qayd etilgan. Germaniyadan mamlakatimizga asosan turli texnika vositalari import qilinadi.

Biznes-forumda mamlakatimizning investisiyaviy salohiyati, sarmoyadorlar uchun yaratilgan sharoit va imtiyozlar, O`zbekiston bozorida xorijiy mahsulotlarga bo`lgan talab va taklif bo`yicha ma`lumotlar taqdim etildi.

B2B shaklidagi muloqotda ishtirokchilar turli sohalardagi o`zaro manfaatli hamkorlikni yo`lga qo`yish istiqbollarini muhokama qildi. O`zbekiston Savdo-sanoat palatasi bilan Germaniya Savdo-sanoat assosiasiyasi o`rtasida hamkorlik haqida bitim imzolandi.

Biznes doiralar vakillari uchun qulay muloqot maydoniga aylangan anjumanda Germaniyaning "Deutsche Bank", "Commerzbank", "Landesbank", "KfW", "AKA Bank" kabi banklari, Evropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan O`zbekiston tijorat banklari o`rtasida mamlakatimizdagi loyihalarni moliyalashtirish uchun kredit mablag`lari ajratish bo`yicha kelishuvlarga erishildi.

Forum yakunlari bo`yicha neft-gaz, neft-kimyo, energetika, sog`liqni saqlash, farmasevtika, qishloq xo`jaligi, oziq-ovqat, qurilish materiallari ishlab chiqarish, mehmonxona qurilishi, investision-texnologik, bank-moliya sohalarida hamkorlikni rivojlantirishga oid qiymati 4 milliard AQSh dollaridan ziyod istiqbolli kelishuvlarga erishildi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1