1

Toshkent shahridagi maktablardan biriga nemis shoiri va mutafakkiri Gyote nomi berildi

Jamiyat 15.01.2019, 12:21
Toshkent shahridagi maktablardan biriga nemis shoiri va mutafakkiri Gyote nomi berildi

Toshkent shahridagi nemis tilini chuqurlashtirgan holda o`qitish bo`yicha 60-sonli ixtisoslashgan maktabga nemis shoiri va mutafakkiri Iogann Volfgang fon Gyote nomi berildi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati xabar berdi.

60-sonli ixtisoslashgan maktabiga nemis shoiri va mutafakkiri Iogann Volfgang fon Gyote nomi berilishiga bag`ishlangan tantanali marosim 2019 yilning 15 yanvar kuni bo`lib o`tdi.

Marosimda O`zbekiston Xalq ta`limi vaziri Sherzod Shermatov, Germaniyaning O`zbekistondagi elchixonasi vakili Kristofer Fuks, Germaniyaning Toshkentdagi elchixonasi va jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.

Ta`kidlash kerakki, Toshkent shahridagi nemis tilini chuqurlashtirgan holda o`qitish bo`yicha 60-sonli ixtisoslashgan maktabiga nemis shoiri va mutafakkiri Iogann Volfgang fon Gyote nomi O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Germaniyaga rasmiy tashrifi arafasida berildi.

Germaniya O`zbekistonning Evropadagi muhim hamkorlaridan biri. Shu boisdan ham ikki mamlakat orasidagi aloqalar tobora mustahkamlanib bormoqda.

2017-2018 o`quv yiliga nisbatan 2018-2019 o`quv yilida nemis tili o`qitiladigan maktablar soni 54 taga (jami 1677 maktab), nemis tilini chuqurlashtirgan holda o`qitish bo`yicha ixtisoslashgan maktablar soni 4 tadan 9 taga oshdi. Nemis tili o`quvchi sinflar soni 14081 dan 14 525 taga (farq 444), nemis tilini o`rganayotgan o`quvchilar soni 340 560 dan 355064 nafarga ko`paydi (farq 14504).

Bugungi kunda O`zbekistonda 1677 maktabda (2017-2018 o`quv yiliga nisbatan 54 maktab ko`p) 355 mingdan ziyod o`quvchilar nemis tilini o`rganmoqda. O`rta ta`lim maktablarida 3 ming nafar nemis tili o`qituvchilari faoliyat yuritmoqda. To`qqiz maktabda nemis tili chuqurlashtirgan holda o`qitiladi.

O`zbekiston Xalq ta`limi vazirligi Gyote Institutining Toshkent filiali va Germaniyaning xorijdagi maktablari Markaziy boshqarmasi bilan «Maktablar: kelajak hamkorlari» loyihasi doirasida umumiy o`rta ta`lim maktablarida nemis tilini o`qitishni rivojlantirish va takomillashtirish uchun hamkorlik qilmoqda.

Hozirgi kunda Gyote instituti olti maktabga (Toshkent shahrida 112-sonli, Urganch shahridagi 19-sonli, Xiva shahridagi 9-sonli, Buxoro shahridagi 4-sonli va Andijon shahridagi 23- va 4–sonli maktablar) nemis tilini chuqur o`rganishda yoki ularni fan sifatida joriy etishda ko`mak bermoqda.

Germaniyaning xorijdagi maktablari Markaziy boshqarmasi va olti umumiy o`rta ta`lim (Toshkent shahrida 60- va 107-sonli, Samarqand shahridagi 51-sonli, Buxoro shahridagi 4-sonli va Marg`ilon shahridagi 6-sonli va Farg`ona shahridagi 10–sonli) maktablar o`rtasida hamkorlik aloqalari o`rnatilgan.

Germaniyalik hamkorlar maktablarda nemis tilini o`qitish va o`qituvchilarning malakasini oshirish uchun qo`l keladigan zamonaviy multimedia o`quv qo`llanmalari va texnik tomondan ko`mak berib kelmoqda.

2018 yil davomida Germaniyada tashkil etilgan malaka oshirish kurslarida 17 nafar o`qituvchi ishtirok etdi. Hozirda ular nemis tilini o`qitish bo`yicha maktablarda pedagogik faoliyat yuritmoqda.

Har yili hamkor maktablarning nemis tili o`qituvchilari uchun turli seminar va treninglar tashkil etilmoqda. Hamkor maktablarning nemis tili o`qituvchilari Germaniyada malaka oshirish kurslari va seminarlarda ishtirok etish uchun stipendiyalar olmoqda.

Tadbirda so`zga chiqqan O`zbekiston Xalq ta`limi vaziri Sherzod Shermatovning ta`kidlashicha, O`zbekiston Respublikasi rahbariyati tashabbusi bilan Toshkent, Samarqand va Buxoro shahridagi nemis tilini chuqurlashtirgan holda o`qitishga ixtisoslashgan umumta`lim maktablariga I.V.Gyote, Y.Shiller i V.Fon Gumbolt nomlari beriladi.

«Shubhasiz, bu tashabbus O`zbekiston va Germaniya o`rtasida madaniy va gumanitar sohasida aloqalarni mustahkamlashga va O`zbekistonda nemis tilini ommaviylashtirishga qaratilgan», — dedi vazir.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1