1

O`zbekistonga Koreya ixtirochi ayollar assosiasiyasi vakillari keldi

Jamiyat 15.01.2019, 16:15
O`zbekistonga Koreya ixtirochi ayollar assosiasiyasi vakillari keldi

O`zbekistonda Koreya ixtirochi ayollar assosiasiyasi (KWIA) vakillaridan iborat delegasiya mehmon bo`lib turibdi. Bu haqda O`zA xabar berdi.

Toshkentdagi Turin politexnika universitetida O`zbekiston Xotin-qizlar qo`mitasi hamda Ixtirochi ayollar markazi tomonidan «Ixtirochi ayollar — fan, innovasiya, investisiya» mavzusidagi davra suhbatida koreyalik ayollar ishtirokida innovasion izlanishlar istiqbollari atroflicha muhokama qilindi.

1993 yilda tashkil etilgan Koreya ixtirochi ayollar assosiasiyasi iqtisodiyotda ayollarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish uchun turli loyihalarni amalga oshirib, ularning ijodiy faoliyat bilan shug`ullanishiga ko`maklashmoqda. Hozirda KWIA barqaror rivojlanish va inson taraqqiyotida ayollarning teng huquqli hamkorlar sifatida asosiy rolini qo`llab-quvvatlovchi, ixtiro va tadbirkorlik faoliyatining turli sohalarida xotin-qizlarning samarali ishlashiga yordam beradigan etakchi tashkilot sifatida tan olingan.

Har yili KWIA tomonidan Butunjahon intellektual mulk tashkilotining shafeligida Koreya ixtirochi ayollarning xalqaro ko`rgazmasi va forumi o`tkazib kelinmoqda. E`tiborga molik jihati, o`tgan yili mazkur xalqaro miqyosdagi tadbirlarda o`zbekistonlik olima ayollar ham muvaffaqiyatli ishtirok etgan edi. Ularning eng yaxshi innovasion ishlanmalari tanlov komissiyasi xulosalari asosida maxsus medal, diplom va sovg`alar bilan taqdirlangandi.

— Bugun O`zbekiston innovasion texnologiyalar, yangiliklarni joriy etishga astoydil intilmoqda, — deydi Butunjahon intellektual mulk tashkiloti prezidenti Yun Mung Xi. — Xotin-qizlarga hurmat bilan munosabatda bo`lish, ularni e`zozlash mushtarak maqsadimiz. Biz kelgusida O`zbekiston ixtirochi ayollari bilan hamkorlik rishtalarini mustahkamlashni ko`zlayapmiz.

Tadbir ishtirokchilari O`zbekiston ixtirochi ayollari faoliyatiga bag`ishlangan ko`rgazma bilan tanishdi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1