2014 yil 31 oktyabrda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi bo`lib o`tdi. Kengash O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 16-yalpi majlisini shu yil 13 noyabrda Toshkent shahrida chaqirish to`g`risida qaror qabul qildi, deb xabar bermoqda O`zA.
Senatning yalpi majlisi muhokamasiga 2015 yilgi Davlat byudjeti, davlat maqsadli jamg`armalarining byudjetlari hamda soliq va byudjet siyosatining 2015 yilga mo`ljallangan asosiy yo`nalishlari to`g`risidagi, shuningdek, 2015 yilda ish o`rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta`minlash dasturi to`g`risidagi masalalarni kiritish rejalashtirilmoqda.
Senatning yalpi majlisi kun tartibiga «‘Investisiya faoliyati to`g`risida’gi O`zbekiston Respublikasi Qonuniga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish haqida»gi, «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to`g`risida»gi, shuningdek, ayrim qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risidagi qonunlarni ham ko`rib chiqish rejalashtirilgan.
Shu bilan bir qatorda navbatdagi yalpi majlisda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining vakolatiga taalluqli boshqa masalalar ham muhokama qilinadi.
Oliy Majlis Senati qo`mitalarining va Devonining 16-yalpi majlisni tayyorlash hamda o`tkazish bilan bog`liq ishini muvofiqlashtirish uchun Kengash tomonidan tegishli ishchi guruh tuzildi.





