1

Bastakor Anor Nazarov vafot etdi

Jamiyat 16.01.2019, 14:19
Bastakor Anor Nazarov vafot etdi

O`zbek musiqa san`ati rivojiga o`zining munosib hissasini qo`shgan O`zbekiston Respublikasi san`at arbobi, Davlat mukofoti sovrindori, taniqli bastakor Anor (Anorqul) Nazarov bugun 2019 yilning 16 yanvarida og`ir xastalikdan so`ng dunyodan ko`z yumdi.

Serqirra ijodkor Nazarov Anorqul Mamadovich 1950 yil 5 iyunda Toshkent viloyatining Bo`ka tumanida tavallud topgan. U o`zining hayotini, umrini musiqa san`atiga bag`ishlagan iste`dod sohibi edi. 1968 yilda M.Ashrafiy nomidagi Toshkent davlat konservatoriyasini tamomlab, 1968-1985 yillarda A.Navoiy nomidagi DAKT orkestri solisti, 1985-1987 yillarda Toshkent shahar musiqa ansambllari jamoasining bosh dirijyori, 1986-1996 yillarda O`zbekiston teleradiokompaniyasi estrada-simfonik orkestri badiiy rahbari va bosh dirijyori, 1996-2000 yillarda “O`zbeknavo” gastrol-konsert birlashmasi bosh direktori, 2000-2002 yillarda esa badiiy rahbari lavozimlaridafaoliyat yuritgan.

Bastakorning faoliyati asosan estrada musiqa san`ati bilan bevosita bog`liq bo`lib, o`ziga xos mustaqil uslubiy ijodi bilan ajralib turadi. “Men nechun sevaman O`zbekistonni” (A.Oripov she`ri), “Vatan azizdir”, “Jon O`zbekiston” (J.Jabborov she`rlari), “Iftixor” (X.Sharipov), “Yashnar bahorim”, “Ona yurt” (B.Bobomurod), “Barkamol avlod”, “O`zbekiston mushtarak” (Y.Otash), “Go`zal Toshkent”, “Yurt qadri” (B.Isroilova), “Aziz odamlar” (M.Ibrohimov), “Izhor” (A.Oripov) kabi 120 dan ortiq qo`shiqlari o`zining jozibadorligi, ona Vatanga bo`lgan muhabbat, uni e`zozlash, asrab avaylash va insonparvarlik ruhi bilan sug`orilganligi bilan e`tiborlidir. U yaratgan asarlar Vatanimizning Mustaqillik, Navro`z kabi milliy va davlat tadbir dasturlarida tarannum etib kelinmoqda. Ijodkorning bizga qoldirgan boy madaniy merosi, yaratgan dilbar taronalari, qo`shiqlari xalqimiz tilida va dilidan chuqur joy olib, undan kelgusi avlodlar ham bahramand bo`ladilar.

“Darakchi” gazetasi tahririyati jamoasi bastakorning oila a`zolariga, yaqinlariga va shogirdlariga chuqur ta`ziya izhor etadi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1