1

Pokistonda O`zbekiston Davlat bayrami nishonlandi

Jamiyat 16.01.2019, 14:54
Pokistonda O`zbekiston Davlat bayrami nishonlandi

2019 yil 14 yanvar kuni Pokiston Islom Respublikasi oliy harbiy qo`mondonligi tashabbusi bilan mamlakat Qurolli Kuchlari Birlashgan shtabida ikki tomonlama munosabatlar amaliyoti va tarixida ilk bor O`zbekiston davlat bayrami – Vatan himoyachilari kuni tantanali ravishda nishonlandi. Bu haqda "Jahon" axborot agentligi xabar berdi.

Tadbir yuqori darajada tashkil etildi. Birlashgan shtab tantanalar maydonida O`zbekiston elchixonasi delegasiyasini xalqaro harbiy hamkorlik bo`yicha direktorat bosh direktori general-mayor Muhammad Shafiq va uning o`rinbosarlari kutib oldi.

Faxriy qorovul saf tortdi. Tadbir ishtirokchilari harbiy orkestr sadolari ostida tantanalar zaliga yo`l oldi. Binoga kiraverishda O`zbekiston va Pokiston davlat bayroqlari o`rnatildi.

Tadbir doirasida Pokiston tomoni O`zbekistonning boy o`tmishi, iqtisodiy va harbiy salohiyati haqida hikoya qiluvchi videotaqdimot o`tkazdi. Unda O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev rahbarligida amalga oshirilayotgan keng ko`lamli islohotlar, uning yaqin qo`shnichilik tamoyillariga og`ishmay rioya qilishi Pokiston bilan O`zbekiston o`rtasidagi ko`p qirrali, jumladan, xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni faollashtirishga zamin yaratgani alohida qayd etildi.

Taqdimot davomida Pokiston bilan O`zbekiston Qurolli Kuchlari o`rtasida harbiy va harbiy-texnikaviy hamkorlik sohasidagi so`nggi yutuqlar haqida ham batafsil ma`lumot berildi.

Pokiston vakillari tomonidan bunday tadbir mamlakat Qurolli Kuchlari Birlashgan shtabi tarixida ilk bor o`tkazilayotgani qayd etildi. Shtablar boshliqlari birlashgan qo`mitasi raisi general Zubayr Hayot qaroriga ko`ra bunday tadbirni nishonlash amaliyoti aynan Pokiston bilan yaqin tarixiy-madaniy aloqalar orqali bog`langan O`zbekistondan boshlangani muhim ahamiyatga ega. Bu, shuningdek, mamlakatimizning nufuzi ortib borayotgani, Pokiston bilan O`zbekiston o`rtasidagi harbiy-siyosiy aloqalarning yuksak darajasi, ko`p qirrali hamkorlikning yuqori rivojlanish sur`atlaridan dalolatdir. Pokiston generalligi O`zbekistonning jadal taraqqiyot sur`atlari, izchil rivojlanayotgan iqtisodiyoti va uning mintaqa, ayniqsa, Afg`onistondagi vaziyatni barqarorlashtirishdagi rolini yuksak baholashi qayd etildi.


Markaziy Osiyoda mintaqaviy xavfsizlikning yangi va samarali tuzilmasi O`zbekiston Prezidenti rahnamoligida barpo etilayotgani ta`kidlandi. Xususan, o`tgan yili Toshkentda o`tkazilgan Afg`oniston bo`yicha xalqaro konferensiya, shuningdek, O`zbekistonning mazkur yo`nalishdagi sa`y-harakatlari dunyo mamlakatlarining afg`on muammosiga oid qarashlarini o`zgartirishga turtki bo`ldi, bu ma`lum darajada mintaqadagi vaziyatni sog`lomlashtirishga xizmat qildi.

O`zbek diplomatlari ham Pokiston jamiyati, jumladan, harbiy qo`mondonlik O`zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosini yuksak hurmat-ehtirom bilan tilga olishini, Samarqand va Buxoro shaharlariga tashrif buyurish esa yuksak sharaf ekanini qayd etdi.

Mazkur tadbir haqida ma`lumot bergan Pokiston etakchi ommaviy axborot vositalarining ta`kidlashicha, bugun hamkorlikni yanada mustahkamlash uchun yangi imkoniyatlar ochilmoqda. O`zbekiston davlat bayrami – Vatan himoyachilari kuniga ko`rsatilgan ehtirom Pokiston bilan O`zbekiston o`rtasidagi munosabatlarning yangi bosqichidan dalolat berib, tomonlar birodar xalqlarimiz o`rtasidagi aloqalarni do`stlik asosida rivojlantirishga tayyor ekanini tasdiqladi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1