AsosiyJamiyat

Euronews telekanalida Samarqandga bag`ishlangan yangi ko`rsatuv namoyishi boshlandi

28 oktyabr – 1 noyabr kunlari dunyodagi etakchi telekanallardan biri bo`lgan Euronews efirida Uzbekistan Life turkum dasturlari doirasida «Samarqandning bebaho merosini asrab» nomli teleko`rsatuv namoyish etildi. Mazkur ko`rsatuv 2-3 noyabr kunlari ham muxlislar e`tiboriga havola etiladi. Bu haqda Daryo.uz xabar bermoqda.

Teleko`rsatuvda Samarqand shahrining boy madaniy va tarixiy merosi bo`lgan mashhur Registon maydonini asrash borasida olib borilayotgan keng qamrovli ishlar haqida hikoya qilinadi. Shuningdek, Amir Temur va Mirzo Ulug`bek davrlarida o`ziga xos «Kremniy vodiysi»ga aylangan Samarqand o`z davrining ajoyib olimlari va mohir ijodkorlarini to`plagani ta`kidlanadi.

Bundan tashqari, Samarqand atrofidagi Imom al-Buxoriyga bag`ishlangan xotira majmuasiga alohida e`tibor qaratilgan. Ko`rsatuvda har yili shaharning tarixiy yodgorliklarida 90 ga yaqin malakali restavrator ish olib borishi qayd etildi.

«Samarqandning bebaho merosini asrab» ko`rsatuvini Euronews telekanali orqali 2 noyabr kuni Toshkent vaqti bilan 03:19, 11:19, 19:21 va 21:15 da, 3 noyabr kuni esa 16:20, 19:51 da tomosha qilish mumkin.

Eslatib o`tamiz, Euronews telekanali Samarqand shahrida o`tkazilgan BMT Jahon turizm tashkiloti (UNWTO) Ijroiya qo`mitasining 99-sessiyasi haqida tayyorlangan maxsus reportajni muxlislar e`tiboriga oktyabr oyi boshida havola etdi. Mazkur teleko`rsatuv bir necha million kishilik auditoriyaga namoyish etildi.

«Jahon» axborot agentligining ma`lum qilishicha, yaqin kunlarda Euronews muxlislari O`zbekistonning yana ikki qadimiy shahri – Buxoro va Xiva haqida tayyorlangan ko`rsatuvlarni ham tomosha qilish imkoniga ega bo`ladi.

    Boshqa yangiliklar