Farg`ona viloyati Qo`qon shahrida filmga tushayotgan taniqli aktyor, O`zbekiston xalq artisti Po`lat Saidqosimovning to`satdan tobi qochib qoldi. Unga zarur tibbiy yordam ko`rsatilib, aniq tashxis qo`yilib, vaqtida Toshkent shahriga Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga olib borildi. Bu haqda viloyat sog`liqni saqlash boshqarmasi boshlig`i Odiljon Umarov xabar bermoqda, deb yozdi O`zA.
Ma`lum qilinishicha, Po`lat Saidqosimovni 15 yanvar kuni kechqurun qorin sohasidagi og`riq bezovta qila boshlaydi. Bemor tibbiy ko`rikdan o`tkazilib, birinchi tibbiy yordam ko`rsatilib, vrachlar tomonidan to`liq ko`rikdan o`tkazilishi uchun shifoxonaga yotqizilishi kerakligi to`g`risida tavsiya beriladi, lekin bemor «yaxshi bo`lib qolaman, doimgi bo`lib turadigan og`riq» deb unamaydi.
Bemorda 16 yanvar kuni qorin sohasidagi og`riq qaytalangandan so`ng soat 16.10 da Qo`qon shahar shoshilinch tibbiy yordam shifoxonasining xirurgiya bo`limiga yotqiziladi. Qo`qon shahar shoshilinch tibbiy yordam shifoxonasi xirurglari tomonidan bemor ko`rilib, bemorda «O`tkir ichak tutilishi» tashxisiga shubha qilinadi. Qo`qon shahar tibbiyot birlashmasi rahbariyati zudlik bilan viloyatda tashkil etilgan vertikal boshqaruv asosida bemorga yuqori malakali mutaxassislarni jalb etish maqsadida Farg`ona viloyati sog`liqni saqlash boshqarmasiga murojaat qilgan.
Respublika shoshilinch tibbiy yordami ilmiy markazi Farg`ona filialining oliy toifali yuqori tajribali xirurglari Umid Sirojiddinov va Hojiakbar Hojievlar boshqarma boshlig`i topshirig`iga asosan qisqa vaqt ichida Qo`qon shahriga etib kelishib, bemorni barcha yuqori texnologik murakkab tekshiruvlardan o`tkazdi. Bemorga shoshilinch operasiya o`tkazilishi va buning uchun bemorni qisqa muddatli tayyorlovdan o`tkazilishi tavsiya etilgan, lekin bemor va uning qarindoshlari bemorni Toshkent shahriga olib borish imkoniyatini yaratib berilishini iltimos qilishgan.
Shundan so`ng mutaxassislarni konsiliumi tashkil etilib, bemorni transportda Toshkent shahrigacha maxsus reanomobilda olib borilishi mumkinligi va uning hayotiga xavf tug`dirmasligi kafolatlangandan so`ng, bemorni Qo`qon shahar tez tibbiy yordami stansiyasi bosh vrachi Akramjon O`rmonov, kardiolog Tohirjon Tojiev va hamshira Namunaxon Usmonovalar tomonidan «TOYOTA» rusumli zamonaviy reanomobilda 2 soat 55 daqiqa ichida bemorga o`tkazilishi kerak bo`lgan operasiya oldi tayyorlov ishlarini yo`lda ketish davomida mahalliy kadrlarimiz tomonidan xech qanday qiyinchiliklarsiz amalga oshirilgan.
Toshkent shahriga Respublika shoshilinch tibbiy yordami ilmiy markaziga olib borildi. Bemorni O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vaziri o`rinbosari, Respublika shoshilinch tibbiy yordami ilmiy markazi bosh direktori tibbiyot fanlari doktori, professor A.Hadjibaev o`zi ko`rikdan o`tkazib operasiya amaliyotini ham shaxsan o`zi amalga oshirgan. Tekshirishlar jarayonida bemorga farg`onalik vrachlar tomonidan qo`yilgan tashxis o`z tasdig`ini topgan.