Xorazm Ma`mun akademiyasining seleksioner olimlari tomonidan olib borilgan ilmiy tadqiqotlar natijasida g`o`zaning yangi - “Niyat” navi yaratilgan. Bu haqda Intellektual mulk agentligi xabar berdi.
qayd etilishicha, ushbu nav tolasining texnologik ko`rsatkichlari O`zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi ta`minlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi qoshidagi “Agrosanoat majmuida xizmat ko`rsatish markazi” unitar korxonasi laboratoriyasida tahlil qilingan.
Laboratoriyaga 2018 yilda etishtirilgan paxta hosilidan tola namunalari etkazib berildi. Paxta tolasi namunalari sifat ko`rsatkichlari laboratoriyada HVI tizimi orqali sinovdan o`tkazildi.
Tahlillarning ko`rsatishicha, ushbu yaratilgan yangi navlar tolasining sifati unga sanoat ishlab chiqarishi tomonidan qo`yilgan talablarga javob beradi. Niyat g`o`za navini 2019 yilda Xorazm viloyatining ayrim tumanlarida sinov sharti bilan ekishga ruxsat berildi.
Intellektual mulk agentligi tomonidan Ma`mun akademiyasiga o`simlik navi uchun patent berildi, ushbu nav mualliflari D. Akkujin, Sh. Qodirov, I. Abdullaev, F. Jumaniyozov, U.Abdurahimov, R. Masharipova, B. O`rinovlardan iborat.






