Qoraqalpog`iston Republikasining Mo`ynoq tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risidagi Hukumat qarori qabul qilindi. Bu haqda "Huquqiy axborot" kanali xabar berdi.
Qarorga muvofiq, Mo`ynoq tumani barcha zaruriy infratuzilmaga, jumladan, innovasion maktab, sport ob`ektlari, davolash-profilaktika muassasalari, zamonaviy aeroport, mehmonxona, savdo va ko`ngilochar dam olish markazlari, “selfi ob`ekt”lari, optik tolali Internet tarmog`i, IP-televideniega ega bo`lgan zamonaviy shaharchaga aylantiriladi.
Qaror bilan 2019–2021 yillarda Mo`ynoq tumanini jadal kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo`yicha dastur, shuningdek sanoat, xizmat ko`rsatish va qishloq xo`jaligi sohalarida amalga oshiriladigan istiqbolli investisiya loyihalarining manzilli ro`yxati tasdiqlandi.
Qarorga muvofiq, 2024 yil 1 yanvarga qadar tumanda davlat ro`yxatidan o`tib faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar quyidagilardan ozod etiladi:
er solig`i, daromad solig`i, yuridik shaxslar mulk solig`i, mikrofirmalar va kichik korxonalar uchun yagona soliq to`lovlaridan;
chetdan keltiriladigan qurilish materiallari bojxona to`lovlaridan;
chetdan keltiriladigan asbob-uskunalar, xom ashyo, materiallar va butlovchi buyumlar uchun bojxona to`lovlaridan.
Shuningdek, chet el investisiyalari ishtirokidagi korxonalarga olib kirilayotgan transport vositalaridan boj to`lovlarini to`lamasdan foydalanish huquqi berildi.
Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi tomonidan tumanning sayyohlik salohiyatini targ`ib qilish bo`yicha tayyorlangan reklama mahsulotlarini O`zbekiston milliy teleradiokompaniyasi tizimidagi teleradiokanallarda namoyish etish bepul amalga oshiriladi.
Qarorga ko`ra, tuman hokimiga 2022 yil 1 yanvargacha auksion o`tkazmasdan, investor bilan to`g`ridan-to`g`ri muzokaralar o`tkazish orqali er uchastkalaridan vaqtincha foydalanish huquqini 50 yil muddatga “nol” xarid qiymatida sotish huquqi berildi.
Bundan tashqari, Mo`ynoq tumanini rivojlantirish jamg`armasi tashkil etildi.
Qaror bilan tasdiqlangan dasturga ko`ra, 2019–2020 yillarda jami 160 o`rinli 3 ta maktabgacha ta`lim muassasasi, 200 o`rinli 8 ta oilaviy bog`cha faoliyatini yo`lga qo`yish, 315 o`quvchiga mo`ljallangan va dasturlashni chuqur o`rgatishga ixtisoslashgan innovasion maktab, kamida 2 ming o`rinli amfiteatr, yangi 42 ta ko`p kvartirali uylar qurish rejalashtirilgan.
Shuningdek, qaror bilan tasdiqlangan manzilli ro`yxatga asosan sanoat, xizmat ko`rsatish va qishloq xo`jaligi sohalarida jami 75 ta istiqbolli investisiya loyihalarining amalga oshirilishi belgilangan.






