AsosiyJamiyat

Ravshan Ermatov: «Terma jamoamiz Germaniya bilan o`ynashini xohlayman»

31 oktyabrkuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti konferensiyalar zalida O`zbekiston iftixori, FIFA referisi Ravshan Ermatov turli oliy o`quv yurtlari talaba-yoshlari bilan uchrashdi va ularni qiziqtirgan bir qator savollarga javob berdi. Uchrashuv O`zbekiston ingliz tili o`qituvchilari uyushmasining “Yosh liderlar rivojlanish loyihasi” doirasida tashkil etilib, unda muloqot ingliz tilida olib borildi.
Tadbir Ravshan Ermatovning Braziliya-2014 mundialidagi ishtiroki va unda qayd etgan tarixiy natijasi aks etgan videolavha bilan boshlandi. Taniqli hakam faoliyatiga oid tezkor savol-javoblardan so`ng, bevosita mehmon bilan suhbatga navbat berildi.
- Ushbu loyiha doirasida siz yoshlar bilan uchrashib turganimdan xursandman. Suhbatimiz mazmunli o`tishiga ishonchim komil. Shuni ta`kidlashni istardimki, bu rasmiy muloqot emas. Shu bois bo`yinbog`ingizni echib qo`yishingiz mumkin.
- Ravshan aka, hakam sifatidagi faoliyatingiz boshida qanday rejalaringiz bor edi? Hakamlikka endi kirib kelgan vaqtingizda o`zingizni qanday his qilgansiz?
- O`zingizga ma`lum, jarohat olganimdan so`ng futbol o`ynay olmasligim aniq bo`lgan. Hakamlik sohasini tanlashim esa tasodifan yuz bergan. 1997 yil edi, yoshim 19da. Har yakshanba 11-12 yoshli kichik bolalarning o`yinlarini kuzatardim. Kunlarning birida o`yinga tayinlangan hakam kelmay qoldi va otam mendan o`sha o`yinni boshqarishimni so`radi. Rozi bo`ldim, ammo menda na sariq-qizil kartochkalar va na hushtak bor edi. Shunday bo`lsa-da, o`sha o`yinni boshqarish menga rohat baxsh etdi. O`yinni chetdan kuzatganlar ham menda hakamlik qobiliyati borligini aytishgan. Bu o`zimga ham yoqqanini sezib turardim.
Ammo o`yinchi sifatida futbol o`ynagan vaqtlarimda hakamlar bilan hech chiqisha olmaganman. Ular bilan juda ko`p tortishardim, janjallashardim. Jarohat olganimdan keyingi niyatim murabbiy bo`lish edi...
Hakamlik qila boshlagach, bu ish juda ko`p mehnat talab etishini ayon bo`ldi. Barcha muvaffaqiyatlar orzudan boshlanadi. Keyin esa harakat. Futbol qoidalari bo`yicha 130dan ko`proq betli kitobni to`la yodlab chiqqanim esimda.
Xalqaro faoliyatim boshlangan 2007 yil. Seminarlarda xorijlik hakamlar bilan gaplashganimda ular menga e`tibor berishmasdi. Dastlabki yig`inlardan birida chet ellik bir hamkasbim bergan savollar yodimdan chiqmaydi: "Qaerdansan? Qaerda u O`zbekiston? Isming nima? Ravshan, nega shunchalik qattiq mehnat qilyapsan, biron narsaga erishaman deb o`ylayapsanmi? Bunchalik tirishqoqlikning hojati yo`q. Ular baribir imkoniyat berishmaydi. Bularning barini faqat malaka oshirish deb qabul qil".

2010 yilgi JCh ochilish uchrashuviga tayinlanganimni e`lon qilishgan vaqtda ham menga nisbatan munosabat shunday edi. Ismimni o`qishganida ko`pchilik tushunmadi, ikkinchi marta o`qilganda ham tushunmadilar. Hatto buni ma`lum qilayotgan kishini biroz ichib olgan deb ham o`ylashdi. Barchasi salbiy ruhda edi: "O`zbekistonda futbol bormi o`zi? Qaerda bu mamlakat?" deb savol berardilar... Shu so`zlardan, shu munosabatdan so`ng men yana ham kuchliroq bo`ldim! Biz o`zbekmiz. Biz etarlicha kuchlimiz. Keyinchalik ham, undan avval ham qaerda bo`lmay, kimlar bilan uchrashmay, prezidentimizning ushbu so`zlari doim qalbimda edi: "Biz hech kimdan kam emasmiz va kam bo`lmaymiz ham". O`sha ochilish o`yini oldidan ham mendan ko`p so`rashgan: "Qo`rqmaysanmi?" Men javob berardim: "Qo`rqqanimda hozir uyda, televizor qarshisida o`tirardim".

- Milliy terma jamoamiz haqidagi shaxsiy fikringiz biz uchun qiziq. Jahon chempionatiga nega bu safar ham chiqa olmadik? Rossiyaga borish imkoniyatlarimiz haqida nima deysiz?
- Terma jamoamiz haqida so`rayapsizmi? Bu haqda hamma so`rayapti. Bilasizmi, bu jamoani men boshqarayotganim yo`q, shuning uchun bilmayman. Lekin shuni aniq bilamanki, O`zbekistonda iqtidorlar juda ko`p! Hatto Yaponiya, Koreya yoki Xitoyda ham bu qadar talantlarni topa olmaysiz.
Terma jamoamiz a`zolarining xalqaro o`yinlarga qanday tayyorlanishlarini bilmayman. Shaxsan o`zimdan kelib chiqib aytsam, meni o`sha kuni maydonda millionlab xalqim kuzatishini his qilgan holda, mas`uliyat bilan tayyorgarlik ko`raman. Futbol insonlarni birlashtiradi. Ular sizga ishonadi, sizni duo qilishadi. Buni esa his qilish kerak. 11 futbolchi yashil maydonda va millionlab nigohlar ularga qadalgan. O`sha nigoh sohiblari ayni o`sha lahzalarda maydondagilarni o`z farzandlaridan ham ko`proq yaxshi ko`rishar balki... Ishonchni oqlash kerak axir.
Uchrashuvlar oldidan assistentlarimga aytaman: "Bugun katta o`yin, bizni o`zbekistonlik kuzatishadi!" Shunday maqsad bilan maydonga chiqsangizgina muvaffaqiyatli o`tgan o`yindan so`ng undan to`laqonli qoniqish hosil qila olishingiz mumkin.
- Faoliyatingiz davomida orttirgan tajribangiz sirasida nima eng qiziqarlisi bo`lgan?
- Oson kunlar bo`lmagan. Tajribamdan aytishim mumkinki, agar qandaydir muhim narsaga erishmoqchi bo`lsangiz, qattiq mehnat qilishingizga to`g`ri keladi. Maqsadim - JChda ishlash avvaliga faqat orzu holida edi. Siz o`zingiz harakat qilishingiz kerak. Sizdan boshqa hech kim o`rningizga harakat qilmaydi. Omadga ishonmayman. Narigi xonadagi kimdir omadli bo`lishi mumkin, lekin siz hammasiga o`z mehnatingiz bilan erishing.
- Vaqtingizni qanday nazorat qilasiz? Hammasiga ulgurish mumkin emasdir?
- Avvallari vaqt tushunchasiga ko`p ham e`tiborli emasdim. Hozir esa u men uchun haqiqiy qadrli narsaga aylangan. Bo`sh vaqtim juda oz. Agar vaqtingizni bekorga sarflasangiz, bir kun kelib buning uchun pushaymon bo`lishingiz aniq. Bu borada esa o`zimni baxtli hisoblay olaman.
- Hech o`ylab ko`rganmisiz, agar o`sha jarohat bo`lmaganida va professional futbolga o`yinchi sifatida kirib kelganingizda tengdoshlaringiz bilan nimalarga erisha olgan bo`lardingiz? Terma jamoada ular bilan elkama-elka turib harakat qilardingiz, balki...
- Futbol o`ynashni 7 yoshimdan boshlaganman. Futbol shunday o`yinki, u sizning qon-qoningizga singib ketadi. Uni bir marta o`ynagan odam ortiq unga befarq bo`la olmaydi. Shu sababli hozir hatto qizlar orasida ham futbol ommalashyapti. Buni ko`p kuzatyapman. Balki, bir kunmas bir kun yigitlarimiz bo`lmasa, qizlarimiz chiqib qolar Jahon chempionatiga. Chunki qizlarda Vatanga muhabbat, maqsadga sadoqat hislari kuchliroq bo`ladi.
Men ham milliy terma jamoamiz a`zosi bo`lishni orzu qilardim. 30 million kishidan faqat 11 kishi kiyadi bu futbolkani. Futbolchi bo`lganimda maqsad uchun jonimni ham bergan bo`lardim.
- Sizga istaklarni bajo keltiruvchi jin duch kelganida va bir-biriga qarshi o`ynashi uchun ikki jamoa nomini ayt, deganida qaysi jamoalarni tanlagan bo`lardingiz?
- O`zbekistonning bu yil jahon chempioni bo`lgan Germaniya bilan o`ynashini istagan bo`lardim. Germaniya bilan hali finallarda uchrashaylik, sizlar bilan shu uchrashuvlarni ham kuzatish nasib qilsin.
- 15 yil oldin faoliyat boshlagansiz va hozir xalqimizning chinakam faxrisiz. Aytingchi, o`zingizni 15 yildan keyin qay holda tasavvur etasiz?
- Ajoyib savol. Hozir meni qahramon deb atashmoqda. Lekin men oddiy insonman. Men namuna bo`lishim kerak, tasodifiy istisno emas. Albatta, orzularim bisyor. Kasbim bo`yicha aytsam, keyingi mundiallarda ham albatta ishtirok etib, ko`rsatkichlarimni yanada yaxshilashni istayman. Shaxsiy hayotimda esa oilam bilan ko`proq birga bo`lishni istayman. 15 yildan so`ng yaqinlarimga hozirgidan ko`proq vaqt ajrata olarman.
Bilasizmi, hech kim sizga vatanparvarlik hissini bera olmaydi. U o`zingizda bo`ladi. Men hozir shunchaki hayot kechira olmayman. Hozir harakat vaqti, hissiyot va shijoatlar vaqti. Barchamiz dunyoning Vatanimiz haqidagi fikrini o`zgartiradigan davrdamiz.
- Tasavvur qiling, 2022 yilgi JCh finalida O`zbekiston va Yaponiya o`ynamoqda. Himoyachilarimizdan biri yaponiyalik hujumchiga nisbatan jarima maydonchamiz ichida qoida buzdi. Penalti belgilanishi 55/45 nisbatda bo`lsin. 55 foizni qo`llasangiz va penalti bersangiz, sizdan FIFA rozi bo`ladi, 45 foizda esa o`zbekistonliklar. Tanlovingiz?
- 55/45 degan gaplar bo`lmaydi, penalti ekanligi yo yuz foiz aniq yoki qoida buzilmagan. Amir Temur bobomiz nima degandi? Kuch - adolatda! Hamma ham xato qilishi mumkin, lekin uni ataylab qilish adolatsizlikdir.
- O`zingiz ta`kidlab o`tganingizdek, bizda futbol talantlari juda ko`p. Ammo ularni jahonning eng yaxshi futbolchilari bo`lish uchun qay tarzda tarbiyalash, qay tariqa ruhlantirish kerak? Bunga kim mas`ul?
- O`zingiz mas`ulsiz. Biz liderlar seminarida o`tiribmiz. Nima qilsangiz ham ijobiy ruhiyat bilan bajaring. Optimizm juda muhim. Hissiyotlarni nazorat ham qila oling. Doim jur`atingiz etarli bo`lsin, jur`atli bo`ling!
Tadbirning asosiy qismi savol-javoblar bilan o`tib, uning so`ngida savol berish navbati Ravshan Ermatovga berildi va u muxlis-talabalarga ikkita savol bilan murojaat qildi. FIFA referisi o`zini qoniqtirgan javob egalariga sariq va qizil kartochkalar hadya etdi. Bu ikki savol quyidagicha edi:
1. Hayotda maqsadga ega bo`lish muhimmi? Nima uchun?
2. Siz o`zingiz yashayotgan jamiyat uchun qanday foydali ishni amalga oshirdingiz? Misollar keltiring.
Shundan so`ng eng yaxshi savol bergan muxlislarga tadbir mehmoni tomonidan futbol to`plari sovg`a qilindi. Shuningdek, Ravshan Ermatovga loyiha tashkilotchilari tomonidan YLDP`ga a`zolik sertifikati topshirildi.
Eslatib o`tamiz, tadbir oldidan ushbu uchrashuv Ravshan Ermatovning o`zbekistonlik yoshlar bilan ingliz tilida qiladigan ilk ochiq muloqoti bo`lishi xabar qilingan edi.

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar