1

“Yoshlar press-klubi”ning navbatdagi sessiyasida maktabgacha ta`lim tizimidagi masalalar muhokama qilindi

Jamiyat 18.01.2019, 20:44
“Yoshlar press-klubi”ning navbatdagi sessiyasida maktabgacha ta`lim tizimidagi masalalar muhokama qilindi

Kuni kecha “Yoshlar press-klubi”ning “Maktabgacha ta`lim: muammo, islohot, echim” mavzusida navbatdagi sessiyasi bo`lib o`tdi. Sessiya muhokamasida spiker sifatida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, O`zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta`lim vazirligining rahbar va mas`ul xodimlari, O`zbekiston Kasaba uyushmalari federasiyasi mas`ul xodimlari, Toshkent davlat pedagogika universitetining tajribali pedagoglari, MTM mudiralari, yosh oila vakillari, jurnalistlar, talabalar, Yoshlar ittifoqi faollari ishtirok etdi.

Ushbu press-klub O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O`zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo`llab-quvvatlash to`g`risida” 2017 yil 5 iyuldagi PF-5106-son Farmoni, “Maktabgacha ta`lim tizimini boshqarishni takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida” 2018 yil 30 sentyabrdagi PQ-3955-son Qarori, 2018 yil 28 dekabrdagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida belgilangan topshiriqlar ijrosini ta`minlash, maktabgacha ta`lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlardan aholini, ayniqsa yosh oilalarning xabardorligini oshirish maqsadida tashkil etildi.

Ta`kidlash joizki, bugun mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning barcha jabhalarida tub islohotlar o`tkazilmoqda. Bu o`zgarishlar Maktabgacha ta`lim vazirligini ham chetlab o`tgani yo`q. Muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan 2017 yilning 30 sentyabrida Maktabgacha ta`lim vazirligi tashkil etildi. O`tgan davrda vazirlik maktabgacha ta`lim tizimini barqaror rivojlantirishga yo`naltirilgan islohotlar va o`zgarishlarni amalga oshirdi.

Jumladan, maktabgacha ta`lim tizimini yaxlit uzluksiz ta`lim tizimining muhim bo`g`ini sifatida yanada takomillashtirish, bolalarni har tomonlama intellektual, ma`naviy-estetik va jismoniy rivojlantiruvchi zamonaviy ta`lim dasturlari va texnologiyalarini ta`lim-tarbiya jarayoniga joriy etish, ularning maktabga tayyorgarlik darajasini tubdan oshirish ko`zlandi.

Maktabgacha ta`lim muassasalari tarmog`ini rivojlantirishni tavsiflovchi asosiy ko`rsatkichlar biri bu – 3 yoshdan 7 yoshgacha bo`lgan bolalarni MTMga joylashtirishdir. Bugungi kunda respublikada 3 yoshdan 7 yoshgacha bo`lgan 2,5 milliondan ortiq bolalar mavjud. Ulardan 941 078 nafari maktabgacha ta`lim tizimiga joylashtirish yoshida. Ayni damda ularning 37,7 foizi maktabgacha ta`lim tizimiga qamrab olingan. Maktabgacha ta`lim tizimida bolalarning qamrab olinishi 2017 yilning sentyabr oyida 27,7% ni tashkil etgan edi.

Davlat va xususiy maktabgacha ta`lim muassasalari tarmog`i ham sezilardi darajada rivojlandi. 2017 yilda respublikada 5211 ta maktabgacha ta`lim muassasasi mavjud bo`lgan bo`lsa, 2018-yilga kelib 6 669 taga etdi. Shulardan 5641 tasi jamoat, 639 tasi xususiy va 389 tasi davlat-xususiy sherikchiligi asosida ish yurityapti.

Nodavlat maktabgacha ta`lim muassasalari tarmog`ini kengaytirish va maktabgacha ta`lim xizmatlari sohasiga biznesni jalb qilish maqsadida davlat-xususiy sherikchiligi bo`yicha qator qarorlar qabul qilindi. 2018 yil boshida nodavlat maktabgacha ta`lim muassasalari soni 257 tani tashkil etgan bo`lsa, 2018 yilning dekabr oyida 1028 taga etdi.

Press-klub sessiyasida o`tgan yil davomida amalga oshirilgan ishlar muhokama qilindi. Maktabgacha ta`lim tizimi faoliyatini takomillashtirish bo`yicha qonunchilikdagi o`zgarishlar, MTTga qabul yoshi, yosh oilalar farzandlari va maxsus sohalar vakillarini MTMga qabul qilish bo`yicha imtiyozlar, imkoniyati cheklangan bolalarni MTMga qabul qilish jarayoni, nodavlat maktabgacha ta`lim tizimi faoliyatining o`ziga xosligi, MTMda gigiena va bolalar ovqatlanishi, ta`lim metodologiyasi, tili, pedagog kadrlar salohiyat kabi qator masalalar muhokama qilindi. Takliflar berildi.

Xulosa, o`rnida ta`kidlash joizki, O`zbekiston yoshlar ittifoqiga murojaat qilgan yosh oila vakillari, qolaversa, ko`rsatuv orqali butun respublikamizdagi yosh oilalar maktabgacha ta`lim tizimidagi qator yangiliklar, islohotlar haqida aniq, lo`nda, asosli ma`lumotlarni olish imkoniyatiga ega bo`ldi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1